6-fevral kuni Nukusdagi tartibsizliklar boʻyicha 39 nafar shaxsga nisbatan sud jarayoni boshlanadi

    Mamlakatimizda 4 Fevral 2023 1693

    Dushanba, 6-fevral kuni soat 10:00 da Buxoro viloyat sudida 2022-yil 1-2-iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar boʻyicha 39 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi boʻyicha ochiq sud jarayoni boshlanadi.

    Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Dauletbay Razov raisligida birinchi instansiya sudida koʻrib chiqiladi.

    Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga koʻra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 104, 166, 244, 244-1 va 247-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

    Barcha sudlanuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Sud jarayoni ochiq tarzda oʻtkazilib, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun sud majlislarini videokonferensaloqa vositasida toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatishga moʻljallangan hamda barcha texnik sharoitlar yaratilgan matbuot zali tashkil etilgan.