Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabarida aytilishicha, 6 nafar oʻzbekistonlik fuqaro 2021-yilning may oyida ogʻzaki kelishuv asosida Rossiyaning Samara viloyatidagi issiqxonada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borgan.
Ish beruvchi ushbu fuqarolarning pasportlarini olib, patent rasmiylashtirgan, lekin hujjatlarini qaytarib bermagan. Shuningdek, oldindan kelishilgan har oy uchun 40 ming rubl ish haqlarining 3 oyligi berilmagan.
Mehnat migrantlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Samara viloyatidagi vakolatxonasiga videomurojaat orqali pasportlarini olib berib, majburiy mehnatdan ozod qilinishini soʻragan.
Vakolatxona xodimlari Samara viloyati Kinel shahri ichki ishlar boshqarmasiga fuqarolarni majburiy mehnatdan ozod qilishda yordam soʻrab, ariza yozgan. Muammo oʻrganilgan va qisqa muddatda ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda ularning ish joylariga borib, muammolari hal etilgan.