6 ta oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik o'rnatildi

    Ortda qolgan 2021-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻi bilan fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviylikka alohida eʼtibor qaratildi.

    Ilm dargohlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti, Geologiya fanlari universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot, Buxoro muhandislik-texnologiya institutlari bilan hamkorlik Memorandiumlari imzolandi.

    Memorandumlar doirasida tomonlar oʻrtasida nazariy va amaliy bilimlarni uygʻunlashtirish, neft va gaz sohasida tahsil olayotgan talabalarning taʼlim olish sifatini oshirish, laboratoriya ishlarini korxonalarda tashkil etish, tajriba almashinish hamda kadrlar malakasini oshirish, qolaversa, ishlab chiqarish korxonalari va ilm-fan muassasalari oʻrtasida integratsiyasini yoʻlga qoʻyishga erishildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetida taʼlim va ilm-fan sohasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi hamda Toshkent shahri Olmazor tumaniga tashrifi davomida “Oʻzbekneftgaz” AJ oldiga ham qator vazifalar belgilab berilgan edi.

    Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent davlat texnika universitetining hududida barpo etilayotgan 2 qavatli “Burgʻilash laboratoriyasi va oʻquv korpusi” binosida “Oʻzbekneftgaz” AJ mablagʻlari hisobidan 7,5 mlrd soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

    Ayni paytda Burgʻilash laboratoriyasi va oʻquv korpusi uchun 44 turdagi asbob uskunalar va qurilmalarni sotib olish boʻyicha tomonlar oʻrtasida kelishuvlar olib borilmoqda.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati