6 yoshli qizga uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan 60 yoshli shaxsga jinoyat ishi ochildi

    Toshkent viloyati Nurafshon shahrida 60 yoshli erkak 6 yoshli qoʻshnisiga tegajogʻlik qilganlikda ayblanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Unda aytilishicha, joriy yilning 11-iyun kuni Ye.N. ning qoʻshnisi, 1964-yilda tugʻilgan S.Sh. 2018-yilda tugʻilgan qizi M.K.ga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan. Mazkur holatni Bolalar ombudsmani nazoratiga olganini maʼlum qildi.

    Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv doirasida bolaga nisbatan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlandi.

    19-iyun kuni Nurafshon shahar IIB Tergov boʻlinmasi tomonidan S.Sh. ga Jinoyat kodeksi 129-moddasi 2-qismi (Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Shu yilning 20-iyun kuni Bolalar ombudsmani S.Sh.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritdi.

    “Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtayi nazaridan mazkur jinoyat ishi boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida kuzatuvni davom ettiradi”, deyiladi xabarda.