Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlatimiz rahbarining iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantirish tashabbusini amalda joriy etish maqsadida 6246 nafar iqtidorli yoshlar orasida oʻtkazilgan 4 bosqichli tanlov natijalariga koʻra respublika boʻyicha jami 684 nafar eng munosib yoshlardan iborat “Kelajak liderlari” klublari tashkil etildi.

Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida jamoatchilik uchun tanlovning barcha bosqichlari Youtube platformasida toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilindi va jarayonni onlayn kuzatish imkoni yaratildi.

“Kelajak liderlari” klublari aʼzolarining bilim va koʻnikmalarini oshirib borish maqsadida Agentlikning masʼul xodimlari hamda oliy taʼlim muassasalarining psixologlar jamoasi bilan birgalikda “Liderlik”, “Jamoani shakllantirish” hamda “Boshqaruv qarorlarini qabul qilish” mavzularida treninglar oʻtkazilmoqda. Respublikaning 14 ta hududida klub aʼzolari ilm.argos.uz taʼlim platformasidan foydalanib, yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga oʻrgatilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida xabardor qilinib borilmoqda.

Shuningdek, xalqchil yangi avlod kadrlar zaxirasini shakllantirish, istiqbolli yosh davlat xizmatchilariga respublikani jadal rivojlantirishga yoʻnaltirilgan islohotlar mohiyatini yetkazish maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining 2-mavsumi uchun oʻrta boʻgʻin boshqaruv mutaxassislari saralab olingan.

Respublikaning 90dan ortiq davlat organi va tashkilotlaridan tavsiya etilgan hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan telegramm-bot orqali ariza topshirgan 25 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan 1 862 nafar davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan oʻrta boʻgʻin boshqaruv mutaxassislari va rahbarlari orasidan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish koʻnikmasiga ega, strategik fikrlovchi, keng qamrovli islohotlar va imkoniyatlarni oldindan koʻra oladigan 50 nafar yoshlar tanlab olindi.

Saralash ishlari davomida shaxsiy maʼlumotnomani baholash tizimi orqali 294 nafar nomzod, davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli yordamida test sinovi orqali 194 nomzod saralab olindi. Agentlik xodimlari tomonidan amalga oshirilgan suhbat-assessment bosqichi yakunlariga koʻra 50 nafar yosh kadrlarning nomzodi dastur tinglovchiligiga qabul qilinishga tavsiya etildi.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan Dastur davomida Davlat fuqarolik xizmati huquqiy asoslari va kadrlar siyosati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, global boshqaruv, siyosiy-huquqiy va iqtisodiy bilimlar, boshqaruv va liderlik asoslari, zamonaviy boshqaruv texnologiyalari, kompetensiyalarni boshqarish yoʻnalishlarida noodatiy shakldagi darslar, mahallalardagi amaliyot hamda vazirlik va idoralar rahbarlariga stajirovka-dublyorlik bilan uygʻunlikda olib borildi.

Tinglovchilar professor-oʻqituvchilar va oʻz sohasining yetuk mutaxassislaridan bilimlarini olib, sohalari boʻyicha yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni yechimini birgalikda topishlari uchun maydon yaratildi. Ahamiyatlisi, 14 ta hududda, turli xil sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tajriba almashish hamda mavjud muammolar yuzasidan taklif bildirish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Oʻquv dasturi bosqichlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan, maqsadli bitiruv loyiha taqdimotini namunali amalga oshirgan tinglovchilarga belgilangan shaklda Sertifikatlar topshirilib, ular Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.