Tadbirda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov ishtirok etdi.
Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti bosh direktori Helena Loran dunyo miqyosida plastik chiqindilar atrof-muhitga juda katta zarar keltirayotganini taʼkidlar ekan, isteʼmolchilarning tabiatni ifloslantirishga munosabatini oʻzgartirish, 7 ta R ning (Rethink, Refuse, Reduce, Reuse, Recycle, Repair and Replace – chuqur mulohaza qilib koʻrish, voz kechish, kamaytirish, qayta foydalanish, qayta ishlash, tuzatish va oʻrnini almashtirish) ahamiyati, kelgusi yilda isteʼmolchilar tashkilotlari oldiga qoʻyilishi kerak boʻlgan ishlar borasida soʻz yuritdi.
Vebinarda atrof-muhit muhofazasi bilan shugʻullanadigan xalqaro tashkilotlar va isteʼmolchilar tashkilotlari vakillari soʻzga chiqib, bugungi kunda tabiatni asrash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash eng dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolayotganini, bu borada isteʼmolchilar bilan ishlaydigan tashkilotlar, ularning atrof-muhit muhofazasi va iqlim oʻzgarishi singari muammolardan xabardor boʻlishini taʼminlash, ishlab chiqaruvchilar oldiga tovar qadoqlashda atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan materiallardan foydalanish talabini qoʻyish, milliy qonunchilikni bu boradagi xalqaro meʼyorlarga moslashtirish singari masalalar xususida fikr bildirildi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, har yili 300 million tonnadan ortiq plastik chiqindi hosil boʻladi. Ularning arzimagan qismi qayta ishlanadi va yoqiladi. Plastik materiallar yonganda ham oʻzidan atmosferaga zaharli moddalar chiqadi va inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari
federatsiyasi matbuot xizmati