O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2021-yil 8-yanvardagi 3-sonli Qarori asosida Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan to'ldirish, ushbu sohaning joylarda oliy ma'lumotli kadrlarga bo'lgan ehtiyojini qondirish va ularni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari xodimlariga tavsiyanomalar berish "Mahalla va oilani qollab-quvvatlash" vazirligi tomonidan belgilangan tartibda, quyidagi mezonlar asosida amalga oshirildi:
- egallab turgan (MFYdagi) lavozimida so'nggi bir yil davomida faoliyat yuritayotganligi;
- mahalla tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega bo'lganligi;
- faoliyat yuritayotgan fuqarolar yig'ini reyting ko'rsatkichi bo'yicha “namunali” deb topilganligi;
- viloyat, tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash boshqarmalari, bo'limlari tomonidan ijobiy tavsiflanganligi;
- xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan ish faoliyati ijobiy deb baholanganligi;
- intizomiy jazo chorasi qo'llanilmaganligi.
Xususan, tavsiyanoma olish uchun 1219 ta arizalar kelib tushgan bo'lib, Vazirlikda tuzilgan ishchi guruh tomonidan ularning hujjatlari o'rganildi.
716 ta nomzodlarning hujjatlari tegishli mezonlarga to'g'ri kelmagani uchun ularga tavsiyanoma berish rad etildi.
Xususan, 569 nafar nomzodlarning faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yig'ini reytingi namunali emas, 105 nafar nomzodlarning mahalla tizimidagi ish staji yetarli emas, deb topildi. Shuningdek, 6 nafar nomzodlarning egallab turgan lavozimiga 1 yil to'lmagan, 36 nafarining hujjatlari esa turli sabablarga ko'ra (nomzodning tegishli hujjatlari to'liq emas, fuqarolar yig'ini reyting ko'rsatkichi mavjud emas) qaytarildi.
Jami 503 nafar fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari xodimlariga tavsiyanomalar berildi, deb xabar beradi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati.