Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, 77 yoshli Sharofiddin Yusupovning Navoiy MFY, Roshidon koʻchasida joylashgan uyida boʻlgan viloyat hokimi mashhur usta-kulol bilan dildan suhbatlashdi va uning nodir kulolchilik mahsulotlarini koʻzdan kechirdi. Sharofiddin Yusupov yangi tashkil etilayotgan uy-muzeyi va turistlar uchun mehmonxonasi qurilishlari haqida maʼlumot berdi.
Navbatdagi manzilda esa ushbu mahalladagi yana bir usta-kulol Shokirjon Ahmadjonovning yangi tashkil etilgan kulolchilik klasteri faoliyati bilan tanishildi. 5 mlrd. soʻm qiymatidagi ushbu loyiha 2021-yilning oktyabr oyida ishga tushirilgan boʻlib, 30 ta doimiy ish oʻrinlari yaratilgan va 3 ming nafar aholini kasanachilik bilan bandligi taʼminlanmoqda. Viloyat hokimi tadbirkor bilan suhbatda ish bilan taʼminlangan 3 ming nafar rishtonliklar bilan mehnat munosabatlarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda mehnat daftarchalarini rasmiylashtirish zarurligini taʼkidladi.
Shokirjon Ahmadjonov har bir ishchi bugungi kunda 2 mln. soʻmdan 4 mln. soʻmgacha oylik maosh olayotganligi, shuningdek, joriy yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahriga mahsulotlarni eksport qilish uchun 5 mln. dollarlik shartnoma imzolanganligi haqida maʼlumot berdi.
Viloyat rahbari tadbirkor tomonidan boshlanib, 6 oy muddatda yakunlanishi rejalashtirilgan qurilish jarayonlarining borishi bilan ham qiziqdi.
Shu joyda Navbahor, Toʻda va A.Navoiy MFYlarda joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan umumiy qiymati qariyb 170 mlrd. soʻmdan ziyod yangi loyihalar bilan ham tanishildi. Ularni takomillashtirish, tezlashtirish yuzasidan tuman rahbarlariga topshiriqlar berildi.
“Qozi Ahror” MFYda esa usta-kulol Alisher Robilov uy ustaxonasida mahsulotlarni tayyorlanish jarayonlari haqida soʻzlab berdi. Kulol va 12 nafar shogirdlari tomonidan tayyorlangan sara kulolchilik mahsulotlari Rossiyaga eksport qilinmoqda.
Viloyat rahbari Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afgʻoniston, Rossiya kabi turli xorijiy davlatlarga mahsulotlarni eksport qilayotgan kulollar bilan suhbatlashib, ishlab chiqarishlarni yanada kengaytirish yuzasidan takliflar bildirdi, viloyat hokimligi ular faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Gulichehra Durdiyeva
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri