8 747 ta korxonada QQSni noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlandi

    Moliya 27 Mart 2021 459

    2021-yilning 26-martiga qadar 574 ta “shubhali” korxona kontragentlari tomonidan 97 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti tasdiqlandi.

    Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning murojaatlari asosida faoliyati shubhali deb topilgan korxonalar bilan amalga oshirilgan bitimlarni oʻrganib chiqish uchun tezkor ravishda kameral soliq tekshiruvlari tashkil etilmoqda.

    Xususan, joriy yilning 26-mart holatiga respublikamiz boʻyicha jami 9 016 ta korxonada 1 336,5 mlrd. soʻmlik asossiz hisob (zachet)ga olingan qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) summalariga aniqlik kiritish boʻyicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlandi.

    Natijada:

    – 8 747 ta, yaʼni 97 foiz korxonada (1 259,7 mlrd. soʻm) “soxta” operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;
    shundan, 100 ta, yaʼni 1,1 foiz (23,5 mlrd. soʻm) tashkilotda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti qisman tasdiqlandi;

    – 269 ta, yaʼni nazorat tadbirlari oʻtkazilgan 3 foiz soliq toʻlovchilar tomonidan 53,3 mlrd. soʻmlik QQS summasini toʻgʻri hisob (zachet)ga olganligi holatlari boʻyicha asoslovchi hujjatlar taqdim etildi. Shu sababli ulardan ortiqcha olingan mablagʻlarni qaytarish boʻyicha tezkor jarayonlar boshlandi.

    Shuningdek kameral soliq tekshiruvlari natijasida kontragentlar xatolari tasdigʻini topgan boʻlsada, tadbirkorlik subyektlarini uzluksiz faoliyat koʻrsatishlariga sharoit yaratish maqsadida, kamchiliklarini tan olgan 458 ta subyektga 55,5 mlrd. soʻmlik byudjetga toʻlanishi lozim summalarni joriy yil yakuniga qadar teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlashlariga ruxsat berildi.

    Davlat soliq qoʻmitasi joriy yilning 1-mayiga qadar, ushbu korxonalar tomonidan asossiz hisobga olingan QQS summasi boʻyicha ixtiyoriy qayta hisobot topshirgan taqdirda mazkur korxonalar mansabdor shaxslari maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilmasligini maʼlum qiladi.