82 yoshli fuqaro Germaniyada suv toshqinidan aziyat chekkanlarga bir million yevro xayriya qildi

    Myunster shahri fuqarosi Xorst Eshler Germaniyaning gʻarbiy qismida yuz bergan suv toshqinidan jabrlangan fuqarolarga 1 million yevrodan ziyod mablagʻni xayriya qildi, deb yozadi radiosputnik.ria.ru.

    Xorst Eshlerning aytishicha, u avvaliga teledastur orqali koʻlamdor suv toshqinini koʻrib 1 million yevro xayriya qilishga qaror qilgan.

    “Bu hamma narsasidan ayrilgan odamlar uchun. Ertaga non sotib olish uchun esa mening pulim yetadi”, deydi u.

    “Bavariya” klubi muxlisi boʻlgan otaxon sevimli futbolchilarning tabiiy ofatdan zarar koʻrgan odamlarga yordam berishda sustkashligini tanqid qilgan. Bungacha “Bavariya” jamoasi “Keln” bilan suv toshqini yuz bergan Shimoliy Reyn-Vestfaliyada oʻyin oʻtkazgan. Shundan soʻng Xorst Eshler yana 100 ming yevro xayriya qilgan.

    Xorst Eshlerning chaqiriqlaridan soʻng oradan bir kun oʻtib, “Bavariya” Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi Gelzenkirxen shahrida “Shalke” bilan xayriya oʻyinini oʻtkazishini, undan tushgan mablagʻ suv toshqinidan zarar koʻrgan odamlarga yoʻnaltirilishini aytdi.