Aynan birgina poytaxtda 400 ga yaqin aholining xonadonlari isimayotganligi haqidagi shikoyatlari qayd etilgan.

Agentlik buning sabablarini aniqlash maqsadida bir qator hududlarda  o'rganishlar o'tkazdi. Natijada kuz-qish davrida ayniqsa, keskin sovuq tushgan kunlarda isitish tizimida bir qator muammolar mavjudligi  tasdiqlandi. Xususan, Toshkent shahrining  Chilonzor, SHayxontohur, Olmazor va Uchtepa tumanlariga  xizmat ko'rsatuvchi TS-3, TS-5, TS-9, TS-10 issiqlik qozonxonalaridan etkazib berilgan issiqlik darajasi belgilangan me'yordan pastligi aniqlandi.

QONUN DOIRASIDA:

O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko'rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko'rsatishi) shartligi qayd etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko'p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti xizmatlari ko'rsatish” qoidalarining 132-bandiga asosan issiqlik energiyasi etkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega bo'lmagan issiqlik energiyasi etkazib berilganligi to'g'risidagi dalolatnoma issiqlik ta'minoti bo'yicha xizmatlar uchun to'lov miqdorini qayta hisob-kitob qilish uchun asos hisoblanaishi belgilangan. SHuni ta'kidlash kerakki, ushbu  Dalolatnoma  tekshirish natijalari asosida Iste'molchi (yoki uning vakili), Etkazib beruvchi (“Toshissiqquvvati” DUK), Ijro etuvchi (UJMSH yoki  boshqaruv kompaniyasi) tomonidan imzolanadi.

Raqamlarga murojaat: 85 mingdan ortiq abonentga  8,1 mlrd so'm

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi “Toshissiqquvvati” DUKga ko'rsatilmagan xizmat uchun to'lovlarni qayta hisoblash to'g'risida, shuningdek, boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish uchun zarur choralarni ko'rish bo'yicha ko'rsatma berdi. Bugungi kunga qadar berilgan ko'rsatma doirasida “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan poytaxtimizning mazkur to'rtta tumanining 85 272 ta abonentiga 2020 yil noyabr`-dekabr` oylari uchun 8,1 mlrd so'mdan ortiq mablag' qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Iste'molchilarning abonent hisobraqamiga mablag'larini qayta hisoblash jarayoni davom ettirilmoqda.

Agentlik matbuot xizmati