9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi

    Siyosat 15 Sentabr 2025 546

    “Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak boʻlsa, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab taʼlimidir”, – dedi Prezident.

    Hozirda maktablarda 6,5 million oʻquvchi taʼlim olyapti. Bu yil maktablarni 400 mingga yaqin oʻquvchi bitirgan boʻlsa, 1-sinflarga 720 ming bola qabul qilindi. Shu bois, soʻnggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlarining kengaygani hisobiga 1 million oʻquvchi oʻrni yaratildi.

    Xususiy maktablarga katta sharoit yaratilgani natijasida ota-onalar uchun tanlash imkoniyati paydo boʻldi. Bugun 200 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarimiz xususiy maktablarda oʻqiyapti.

    Maktab taʼlimida yana bir qator muhim oʻzgarishlar amalga oshirilishi taʼkidlandi.

    Yangi oʻquv yilidan boshlab maktab davrida oʻquvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish uchun 9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi.

    Oʻqishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida boʻlgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib oʻtiladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladigan boʻladi.