9-may munosabati bilan yangi filmlarning milliy televizion premyerasi eʼlon qilindi

    Madaniyat 9 May 2021 1853

    Kinematografiya agentligi 9-may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 10ga yaqin yangi filmlarning milliy televizion premyerasini taqdim etadi.

    Namoyishi kutilayotgan filmlar roʻyxatida jumladan,Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida rejissyor Shuhrat Mahmudov tomonidan suratga olingan “Matonat” hujjatli filmi, rejissyor Ali Hamroyev rahbarligi ostida 4 nafar yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Unutilmas qahramonlar” turkum 8 ta hujjatli filmlar, shuningdek, chet el kinofondlaridan qaytarilgan 16 ta oʻzbek durdona asarlari oʻrin olgan. “Unutilmas qahramonlar” turkumidagi filmlarda Zebo Gʻaniyeva, Qudrat Suyunov, Inoyat Navroʻzboyev, Mamadali Topvoldiyev kabi oʻzbekistonlik urush qahramonlari haqida hikoya qilinadi.

    Kuni kecha katta premyerasi oʻtkazilgan rejissyor Hilol Nasimovning “Meros” badiiy filmi ham yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etilishi belgilangan. Filmda urush oqibatlari qozoq va oʻzbek yoshlari oʻrtasidagi muhabbat orqali yoritib berilgan.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish va saqlash Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda chet el kinofondlaridan raqamlashtirilib, yurtimizga qaytarilgan “Sen yetim emassan”, “Jarroh”, “General Rahimov”, “1941-yil olmalari”, “Unutilmagan qoʻshiq” kabi 16 ta durdona asarlarning ayrimlari ilk bora toʻliq va asl holatda televideniye orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbarining sohaga eʼtibori sabab bugun tomoshabinlar uchun urush mavzusida qator filmlarni teleekranlar orqali namoyish etish yoʻlga qoʻyilmoqda. Oʻtgan yil Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan telekanallarimizda “Ilhaq” filmining oʻzbek tilidagi milliy televizion namoyishi oʻtkazilgan edi. Joriy yil bayram munosabati bilan ushbu film rus tilida tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilinadi.

    Eslatib oʻtamiz, 3-7-may kunlari Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan bir qator hamkor tashkilotlar koʻmagida “Yangi Oʻzbekiston. Yangi nigoh” media-haftaligi oʻtkazildi. Mediahaftalik doirasida 15 nafar yosh kinoijodkorlar grantlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, taniqli kinoijodkorlardan iborat “Kinokarvon” Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida ijodiy safarda boʻlib, uchrashuvlar tashkil etishdi.