Matonat, sabr-toqat, mardlik va jasorat timsoli boʻlgan mushfiq onalar hamda otalarning matonati, sabr-bardoshiga taʼzim qilamiz. Olovli yillarning tirik afsonalari bosib oʻtgan hayot yoʻli haqidagi hikoyalarni tinglab, farovonlik va tinchlik-totuvlik hamma narsadan ustun ekanini anglab yetamiz, dorilamon kunlar uchun shukrona keltiramiz.
Oʻzbekiston
tumani “Katta qaynar” mahalla fuqarolar yigʻinida umrguzaronlik qilayotgan
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Usmonjon Rahimovning mashaqqatli va sharafli
hayot yoʻli koʻplar uchun ibratli.
Soy
sohillariga tutashgan xonadon bahorga monand yashillikka burkangan. Mevali
bogʻlar qoʻynida asalarilar guldan gulga uchib oʻynaydi. Koʻzimiz hovli
sathidagi soʻrida oʻtirgan, doʻppi kiygan, kichik jussali, oq yuzli va oppoq
soqolli nuroniyga tushdi. Asr bilan yuzlashgan otaxon ancha bardam, koʻzi
nurli. U bilan quchoq ochib soʻrashdik. Qulogʻi bir oz ogʻirlashgani uchun balandroq
gapirishimizni tayinladi. Otaxon urushning dastlabki yillaridayoq frontga
chaqirilganlardan.
—
Urush boshlanganda 21 yoshda edim, — deya xotirlaydi oqsoqol. — Omoch bilan yer
haydayotgan edim. Kolxozdan vakil kelib, rais soʻroqlayotgani va idoraga borishim
kerakligini aytdi. Uyga ham kirmay, aytilgan joyga yetib borsam, qoʻlimga
chaqiruv qogʻozi berildi. Oʻshanda otam 84, onam esa 75 yoshda edi. Yigirma kun
deganda front chizigʻiga yetib bordik. Moskva atrofida jangda qanday harakat
qilish, himoyalanish, hujumga oʻtish, transheyalar qazish va qurollardan
foydalanish bilan bogʻliq mashqlarni bajardik. “Ortga qaytish yoʻq, qaytsang
otilasan”, deyilardi. Xarkov ostonasida qoʻlimizga qurol bilan birga 30 dona
oʻq va granata berildi. Oʻsha ogʻir damlar hamon yodimda. Dushman samolyotlari
bomba yogʻdirdi, atrof kultepaga aylanib ketdi. Sanoqli askar tirik qolgandi
oʻshanda...
Soʻzlarkan,
otaxonning koʻzi namlanadi, dastroʻmol bilan mijjasiga ingan yoshlarni artadi
va quruqshagan tomogʻini namlash uchun choy hoʻplaydi.
—
Kursk viloyati uchun jangda fashistning 7 ta tankini yoʻq qilganman, — deya
soʻzini davom ettiradi u. — Yonimda snaryad portladi. Oʻshanda meni halok
boʻldi deb oʻylab, uyimga qoraxat joʻnatilgan ekan. Bir kundan soʻng tuproq
uyumi ostidan behush holda kovlab olishgan. Qattiq yaralanib, gospitalda
davolanganimdan soʻng yana janglarda ishtirok etib, Germaniyaga qadar yetib
borganman. Urush yillari uyimizga yetti marta qoraxat kelgan ekan. Ota-onam bu
alamga chiday olmagan...
Urushning
olov yillari Usmonjon ota uchun birdan yakun topmadi. U rus-yapon frontida
kechgan ogʻir janglarda ham ishtirok etib, mardlik va matonat koʻrsatdi.
1948-yili ona qishlogʻiga qaytib, jamoa xoʻjaligida ishladi. Urushdan keyingi
yillari ham oson kechgani yoʻq. Ogʻir jismoniy mehnat, ochlik va yupunlik
koʻplab qiyinchiliklarga sabab boʻlgan. Usmonjon ota Qoʻqon temir yoʻl
tarmogʻida ishladi, oila qurdi. Ellik yetti yil mehnat qilib, nafaqaga chiqdi.
Turmush oʻrtogʻi bilan 6 farzandni tarbiyalab, elga qoʻshdi. Bugun esa oʻnlab
nabira, chevara va evaralar davrasida umrguzaronlik qilyapti.
—
Bugungidek farovon, emin-erkin zamon hech qachon boʻlmagan, — deydi otaxon. —
Bir burda nonga zor boʻlib, jon berganlarni koʻrganmiz. Shukrki, dasturxonimiz
toʻkin, osmonimiz tinch. Barcha sharoit yetarli, hamma narsa bisyor, biror
manzilga boraman desangiz, piyoda yurmaysiz. Keksalarni eʼzozlash, izzat-hurmat
koʻrsatish, qadrlash va xotirlash yoʻlida qilinayotgan ishlar umrimizga umr
qoʻshmoqda. Davlatimizga rahmat.
Urushning
tirik guvohi boʻlgan Usmonjon ota hali bardam va soʻzga chechan. U maktabdan
kelgan chevaralari Ramzxon hamda Shukurjonni ilgʻab, yoniga chorladi.
“Oʻqishlaring aʼlomi?” deya bolalarning boshini silab, peshonasidan oʻpdi.
—
Otam bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning hayot yoʻli biz uchun ibrat, —
deydi Masturaxon Rahimova. — Otamdan oilaparvarlik, halol mehnat va shukronalik
xislatlarini oʻrgandik. U uzoq yillar asalari boqqan. Ushbu hunar bugun ham
oilamiz koriga yaramoqda. Hozir 20 dan ortiq asalari oilasi bor. Bu borada
bilmaganlarimizni otamdan soʻrab oʻrganib, tajriba oshiryapmiz.
Xotira
va qadrlash kuni arafasida bir asrlik umr dovonidan oshgan nuroniyni yoʻqlash,
u bilan hamsuhbat boʻlish istagidagilarning qadami uzilgani yoʻq. Usmonjon ota
kabi nuroniylarning shonli umr yoʻli va faoliyati xalqimizning bebaho maʼnaviy
boyligiga aylanib, yosh avlodni vatanparvar insonlar etib kamol toptirishda
jasorat hamda matonat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda. Olovli yillar afsonasi
boʻlgan Usmonjon ota urush yillarining suronli voqea-hodisalari bilan bogʻliq
mahzun xotiralari haqida soʻzlab beradi, mehmonlarni alqab, duo qilishdan
charchamaydi.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri