9 oyda “Tez yordam”ga eng koʻp yolgʻon chaqiriq qaysi hududdan kelib tushgani maʼlum boʻldi

    Shu yilning oʻtgan 9 oyi davomida eng kam yolgʻon chaqiriq Sirdaryo viloyatidan kelib tushgan.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Tezlik — “103” xizmatida hal qiluvchi mezon. Chunki, avvalo, chaqiruv manziliga juda qisqa vaqtda yetib borish kerak. Keyin bemorga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam koʻrsatish talab etiladi.

    — 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida “103” xizmatiga jami 1 990 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Shuningdek, 1 287 ta holatda tez tibbiy yordam brigadasi chaqiruv manziliga yetib borgach, eshikni ochmaslik vaziyati qayd etilgan. Inson salomatligi, hayoti haqida ketar ekan, bunday murojaatlar boʻlishi afsuslanarli, albatta.

    Tahlillarga koʻra, 2024-yilning oʻtgan 9 oyida eng koʻp yolgʻon chaqiriq Samarqand viloyatida kuzatilib, mazkur raqam 357 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinda Qashqadaryo viloyati qayd etildi — 321 ta. Shuningdek, Toshkent shahridan 249 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.