Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining "Robototexnika" to'garagi a'zosi Ozodbek Hoshimov odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi.
Zangiota tumanidagi 6-maktabning 9-sinf o'quvchisi Ozodbek gaz, olov va tutun yuzaga kelganda xavf haqida tegishli xizmatlarga ogohlantirish SMS xabarnomasini yuboruvchi qurilma ixtiro qildi.
— Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mash'um xabarlarni OAV orqali o'qib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan o'y keldi va buning ortidan mana shu ixtironi yaratish g'oyasi tug'ildi. Agar ushbu ixtiro tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, albatta bunday baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga ishonaman, — deydi Ozodbek. Qurilma yong'in xavfi yuzaga kelganda, uy egalarini ogohlantirish bilan birga o't o'chiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya yuborib, SMS xabarnoma tashlaydi.
Ayni damda Ozodbekning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda. Ushbu ixtironi yaratishda to'garak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchilik qilgan. 22 yoshda bo'lgan ustoz 2019 yildan buyon Shayxontohur tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabida to'garakka rahbarlik qiladi. U rahbarlik qilayotgan to'garak a'zolari Respublika hamda Xalqaro miqyosda bo'lib o'tgan ko'plab tanlovlar g'olibi bo'lgan.