90 yoshli onaxon nevarasi tomonidan kaltaklanganligi rostmi?

    Ijtimoiy hayot 21 Iyul 2023 1074

    Ijtimoiy tarmoqlarda 90 yoshli onaxon nevarasi tomonidan kaltaklanganligi haqidagi xabar tarqaldi.

    Voqea Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.

    Viloyat IIB axborot xizmatining maʼlum qilishicha, joriy yilning 18-iyul kuni Qoʻqon shahar, A.Donish koʻchasi 1 uyda oʻzaro mulkiy nizo tufayli qarindoshlar L.T. va G.T. (ayollar) oʻzaro janjallashib ketishgan. Mazkur janjalga ushbu xonadonda yashovchi M.T (suratdagi keksa ayol) ham aralashib, ularni ajratmoqchi boʻlgan.

    Aniqlanishicha, M.T.ni janjal vaqtida biror bir shaxs urib tan jarohati yetkazganligi holati yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat kelib tushmagan.

    Hozirda janjal ishtirokchilari L.T, G.T, M.T va boshqalarning badanidagi tan jarohatlari ogʻirlik darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan va Qoʻqon shahar IIB tomondan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    "Mazkur holat viloyat IIB hamda Qoʻqon shahar IIB boshligʻi tomonidan toʻliq nazoratga olinganligini, tergovga qadar tekshiruv yakuniga koʻra har bir holatga huquqiy baho berilishini maʼlum qilamiz", deyiladi Fargʻona viloyati IIB axborot xizmati xabarida.