Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan taʼminlash masalasini hal qilish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun 903 ta mahallaning har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga begʻaraz aktiv sifatida beriladi.
Stansiyalardan olingan “yashil” energiya hisobidan har bir mahallada 400-500 million soʻm qoʻshimcha daromad keltiradigan iqtisodiy aktiv paydo boʻladi.
Bu “yashil” daromad “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadi. Yaʼni ushbu mablagʻlar ehtiyojmand xonadonni “yashil” taʼmirdan chiqarib, energiya xarajatini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yoʻnaltiriladi.
Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilishga mazkur mahallalarda yashovchi kambagʻal oila aʼzolari ishga olinadi. 1-guruh nogironligi boʻlib, oilasida mehnatga layoqatli aʼzosi boʻlmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor qilib taʼmirlanadi.
Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori boʻlgan yana 1 mingta ilgʻor mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7-yil muddatga mahallalarga foizsiz lizingga beriladi.