Davlat bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi hamda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda moʻmay daromad ketidan quvib yurtdoshlarimiz sogʻligiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan shaxslarning qingʻir qilmishlariga chek qoʻyishdi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida sifati kafolatlanmagan, shuningdek qalbakilashtirilgan dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalarning noqonuniy realizatsiyasi bilan shugʻullanib kelayotgan uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh qilindi.

Jumladan, mazkur tumandagi xonadonlardan biri belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, bu yer xonadon emas, aksincha oʻziga xos yashirin savdo plaftormasi ekanligi maʼlum boʻldi.

Bu yerda tezkor aloqa liniyasi – “Sall Centre” tashkil qilingan boʻlib, 150 nafarga yaqin aloqa operatorlari sifati kafotlanmagan dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalarni mijozlarga oʻtkazish bilan shugʻullanib kelishgan.

Tezkor tadbir davomida xonadonda yaʼni dorixonadan tashqari hududda kelgusida sotish uchun moʻljallab qoʻyilgan 96 622 dona dori vositalari va tibbiy buyumlar, 72 902 quti biologik faol qoʻshimchalar qonunga xilof ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Mazkur dori va qoʻshimchalar jinsiy quvvatni oshiruvchi, ozdiruvchi, semirtiruvchi, gijjalarga qarshi, yurak faoliyatini yaxshilovchi va boshqa maqsadlar uchun koʻzlangan.

Ayanchlisi shundaki, xonadondagi qadoqlovchi uskunalar, yarim tayyor mahsulotlar va boʻsh qutilarni koʻrib xulosa qilsa boʻladiki, mazkur dori va biologik faol qoʻshimchalar shu yerning oʻzida boʻsh qutilarga qadoqlangan, qutilar uchun yorliqlar, qoʻllash uchun yoʻriqnomalar ham shu yerdagi rangli printerda chop qilingan.

Bundan tashqari kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan, tabletka, kukun va boshqa turli shakllardagi moddalardan qoʻlbola usulda qadoqlangan dori va biologik faol qoʻshimchalarning noqonuniy realizatsiyasida faol ishtirok etgan shaxslar ham turli darajada ragʻbatlantirib kelingan.

Shu maqsadda xonadonda sovgʻa uchun moʻljallangan – 5521 dona tovarlar – parfyumeriya vositalari, oshxona anjomlari, telefon aksessuarlari va boshqalar saqlanayotganligi aniqlandi.

Bundan tashqari “Sall Centre” faoliyatida foydalanib kelingan 202 ta monitor, 196 ta protsessor, 10 ta noutbuk, 1 dona rangli printer, tovarlarga tegishli yuk xatlari, noqonuniy savdo qayd qilib borilgan hisob daftarlari ham ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Shunday qilib oʻtkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir natijasida dastlabki qiymati 9 mlrd. 179 mln. soʻmlik dori vositalari, biologik faol qoʻshimchalar va boshqa tovar-moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olindi.