Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish va telekommunikatsiya sohasi taraqqiyotiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, aholini sifatli telekommunikatsiya xizmatlari bilan taʼminlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi ham bu borada oʻz oldiga bir qator vazifalarni belgilab olgan.
Jumladan, oʻtgan yil mobaynida Kompaniya tomonidan aholi hamda hududlardagi ijtimoiy obyektlarni yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi bilan taʼminlash maqsadida respublika boʻylab 50 ming km dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari qurildi va ularning umumiy uzunligi 122 ming kilometrdan oshirildi. Buning natijasida aholi maskanlarining 67 foiziga yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻi kirib bordi.
Shuningdek, mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish maqsadida 2021-yilda 902 ta qoʻshimcha baza stansiyalari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 19 233 taga yetkazildi. Bugungi kunga kelib 95 foiz aholi maskanlari mobil internet bilan qamrab olingan, 54 foiz uy xoʻjaliklariga yuqori tezlikdagi simli internetga ulanish imkoni yaratilgan.
2021-yilning may oyida Jizzax EIZ hududidagi “Global Optical Communication Uzbekistan” qoʻshma korxona loyihasining ikkinchi bosqichi amalga oshirildi va optik tolali kabellar ishlab chiqarishning yillik quvvati 50 ming km.ga yetkazildi.
Oʻtgan yili xalqaro internet tarmogʻiga ulanishning umumiy oʻtkazuvchanlik imkoniyati 1 800 Gbit/s ga yetkazildi. Operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif 42,9 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 30 ming soʻmni tashkil etdi.