“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 121-bandida mamlakatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda sugʻorish quduqlarini oʻrnatish orqali jami 90 ming gektar maydonlarni qayta foydalanishga kiritish va qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish vazifasi yuklatilgan.

Topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi tomonidan chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2021-yilda oʻzlashtiriladigan va foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, amalga oshiriladigan tadbirlar va bu ishlarga jalb etiladigan tashabbuskorlar aniq koʻrsatilgan manzilli roʻyxatlar tasdiqlandi.

Joriy yil 1-aprel holatiga joylardan olingan maʼlumotlarga koʻra, jami 95,8 ming gektar (106 foiz) yer maydonlari qishloq xoʻjaligi foydalanishiga qayta kiritilgan.

Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 4,9 ming, Andijon viloyatida 1,4 ming, Buxoro viloyatida 9,7 ming, Jizzax viloyatida 12,5 ming, Qashqadaryo viloyatida 2,1 ming, Navoiy viloyatida 7,1 ming, Namangan viloyatida 8,9 ming, Samarqand viloyatida 19,1 ming, Surxondaryo viloyatida 11,8 ming, Sirdaryo viloyatida 3,0 ming, Toshkent viloyatida 3,1 ming, Fargʻona viloyatida 7,9 ming va Xorazm viloyatida 3,7 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritilgan va oʻzlashtirilgan.

Buning uchun tashabbuskor tomonidan respublika boʻyicha 864 km sugʻorish tarmoqlarini qurish, 118 km kollektor tarmoqlarini taʼmirlash, 874 ta sugʻorish quduqlarini qazish, 91 ta nasos agregatlarini oʻrnatish hamda 1536 km elektr uzatish tarmoqlarini tortish ishlari bajarilgan.

Foydalanishga kiritilgan va oʻzlashtirilgan yerlarning 61,5 ming gektariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekilgan. Shundan 40 ga paxta, 1416 ga bugʻdoy, 1953 ga sabzavot, 463 ga poliz, 60 ga kartoshka, 2750 ga dukkakli, 1643 ga moyli, 22 537 ga bogʻ, 14 203 ga tok, 9 053 ga ozuqa, 586 ga dorivor va 5 446 ga boshqa ekin turlaridan iborat.

Kamol Qoʻchqorov,

Suv xoʻjaligi vazirligining
Yerlar melioratsiyasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari