AAA reytingiga ega tadbirkorlarga 1,8 trln soʻm QQS 1 kunda qaytarildi

    Biznes 18 Sentabr 2025 1739

    Joriy yil boshidan AAA reytingiga ega tadbirkorlarga 1,8 trln soʻm QQS avtomatik tarzda 1 kun ichida qaytarildi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, oʻtgan yildan boshlab Oʻzbekistonda tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etildi. Endi biznes faoliyati soliq intizomi va moliyaviy barqarorlikning 23 ta mezoni asosida elektron tizim orqali baholanmoqda.

    Baholash natijasiga koʻra, tadbirkorlar eng yuqori AAA (96–100 ball) darajadan eng past D (25 balldan kam) darajagacha boʻlgan toifalarga ajratiladi.

    Yuqori reyting tadbirkorlarga quyidagi afzalliklarni taqdim etadi:

    • soliq tekshiruvlaridan ozod etish (AAA);
    • tekshiruvsiz QQSni 1 kunda qaytarish (AAA);
    • boshqa soliqlar boʻyicha ortiqcha toʻlovlarni 3 kun ichida qaytarish (A va undan yuqori).

    Hozirgi kunda tizimda 552,8 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtgan. Ulardan 2,3 mingta tashkilot AAA reytingiga ega boʻlsa, D toifaga qariyb 192 ming subyekt kiradi.

    Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20-avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga tavsiya etiladi.

    Korxonaning mazkur reytingdagi oʻrnini Savdo-sanoat palatasi veb-sayti orqali korxona STIR raqamini kiritgan holda bilish mumkin.