Mazkur filmlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 20-may kuni Toshkent shahrida bunyod etilgan “Adiblar xiyoboni”ga hamda shu yilning noyabr oyida “Oʻzbekfilm” kinostudiyasiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamda oliy taʼlim muassasalari hamkorligida suratga olingan.
Ushbu turkumdan oʻrin olgan filmlar Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ogahiy, Abdulla Avloniy, Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Oripov, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Toʻlepbergan Qayipbergenov, Muhammad Yusuf va bir qator adiblarning hayoti va ijodiy faoliyati haqida.
Namoyishda Agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Bosh direktorning birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, “Oʻzbekfilm” kinokonsern” DUK direktori Bahodir Odilov, film ijodkorlari hamda OTM professor-oʻqituvchilari soʻzga chiqishdi. Tadbirda Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi hujjatli film premyera qilindi.
“Xalq yuragi” turkumi ostida suratga olingan 24 ta film Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga katta tuhfa boʻlishi rejalashtirilgan. Namoyishga kinomutaxassislar, taniqli kinoijodkorlar, Oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda OAV vakillari va yoshlar tashrif buyurishdi. Filmlar namoyishidan soʻng jurnalist va blogerlardan iborat Kinomediaklubning navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.