Yaqinda “Oltin kalitcha” ONMTT foydalanishga topshirilgan boʻlsa, bugun 25 nafar “Abay” mahallasi kichkintoylarini oʻz bagʻriga olgan “Quvnoq asalarichalar” ONMTTning ochilish marosimi oʻtkazildi.

Avval bogʻcha oʻrnida eski tikuvxona binosi boʻlib, u necha yillardan buyon faoliyat koʻrsatmasdan xarob va tashlandiq ahvolga kelib qolgandi. Xususiy tadbirkor Laylo Karimova tashabbusi bilan mazkur bino qayta rekonstruksiya qilinib, qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.

“Quvnoq asalarichalar” ONMTTda bolalarni har tomonlama barkamol tarbiyalash, maktabga tayyorlash uchun barcha sharoitlar bor. Bu yerda mashgʻulotlar xonasi, yotoqxona va oshxona zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan.

Kundalik mashgʻulotlardan tashqari rus tili, ingliz tili, koreys tili, rasm chizish, badiiy gimnastika, raqs, bolajon karaoke, suxandonlik toʻgaraklari ham faoliyat koʻrsatadi. Bogʻchada “Bolajonlar – bizning liderlar” shiori ostida taʼlim-tarbiya ishlari yoʻlga qoʻyilgan, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati.