Transfermarkt portali Rossiya Premyer-ligasida toʻp surayotgan futbolchilarning transfer narxini yangiladi va SSKA klubi hamda Oʻzbekiston milliy jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayevning bahosini 4 million yevro deb belgiladi.
Fayzullayevning narxi oʻtgan yilning yanvar oyida 300 ming yevro edi. Bir yilda uning bahosi qariyb 15 baravarga oshdi. Sharhlovchilarning taʼkidlashicha, SSKAda ikki marta oyning eng yaxshi oʻyinchisi boʻlib, milliy jamoa safida JCH-2026 saralash bosqichida muvaffaqiyatli oʻyinlar koʻrsatgani 20 yoshli Abbosbekning transfer bahosi oshishiga sabab boʻlgan.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi kuni kecha jahonning 2023-yildagi eng yaxshi yosh oʻyinchisi nomzodlari roʻyxatini eʼlon qilgan va 26 nafar daʼvogar orasida Abbosbek Fayzullayevning nomi ham qayd etilgandi.