Uchrashuvda Oʻzbekiston va YEXHT oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, 2022-yil 3-4-mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasi birgalikda amalga oshirilishining 10 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻyicha fikr almashildi. Mazkur anjuman YEXHT va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan birgalikda tashkillashtirilmoqda.

Oʻzbekiston va YEXHT oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan loyihalarni amalga oshirishda tomonlar oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

YEXHT Bosh kotibi Helga Shmidning joriy yil mart oyida Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.