Abdulaziz Komilov BMT maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 29 Noyabr 2021 742

    Bugun, 29-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish boʻyicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistonning BMT va uning inson huquqlari sohasidagi ixtisoslashgan tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorligining dolzarb masalalarini muhokama qildilar, deya xabar beradi vazirlik axborot xizmati.

    Shuningdek, BMT maxsus maʼruzachisi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, boshqa davlatlarda ogʻir ahvolga tushib qolgan shaxslarga samarali yordam koʻrsatish, jumladan, Yaqin Sharqdagi urush hududlaridan odamlarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni vatanga qaytarish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

    Bundan tashqari, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Afgʻoniston xalqiga tezkor insonparvarlik yordam koʻrsatish zarurligi haqida umumiy fikr bildirildi.