Abdulaziz Komilov oʻz maktubida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi. Mamlakatlarimiz oʻzaro hurmat tamoyili asosida siyosat, iqtisodiyot, inson huquqlari va madaniyat sohalaridagi qator masalalar boʻyicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, anʼanaviy oʻtkazib kelingan maslahatlashuvlar mexanizmi Strategik sheriklik muloqoti darajasiga koʻtarilib, uning birinchi majlisi 2021-yilda Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tashkil etilgani alohida bildiriladi.

AQSH bilan xalqaro va mintaqaviy formatlar, jumladan, “C5+1” mexanizmi doirasidagi samarali hamkorlik eʼtirof etiladi. Afgʻoniston xalqiga yordam koʻrsatish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi ham qayd etiladi.

Oʻz navbatida, Entoni Blinken Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli siyosiy va iqtisodiy yangilanishlar dasturiga yuqori baho beradi. Amerika tomoni bundan buyon ham Oʻzbekistonning oʻz oldiga qoʻygan ulkan maqsadlarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi taʼkidlanadi.

Maktubda Oʻzbekistonning “C5+1” platformasini mustahkamlashga, jumladan, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirish va mintaqa farovonligiga koʻmaklashish sohalarida qoʻshayotgan salmoqli hissasi qayd etilgan.

Maktub yakunida E.Blinken Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston olib borayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va konstruktiv hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanligini maʼlum qiladi.