Bugun, 18-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi –
Prezident Administratsiyasi Rahbari Adilbek Kasimaliyev bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi.
Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi maʼlum qildi.
Suhbat avvalida Oʻzbekiston Bosh vaziri Adilbek Kasimaliyevni Qirgʻiziston Bosh vaziri etib tasdiqlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, Davlatlarimiz Rahbarlari tomonidan hukumatlar oldiga qoʻyilgan muhim vazifalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilish hamda savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil roʻyobga chiqarishga ishonch bildirildi.
Avvalroq, Oʻzbekiston Bosh vaziri qirgʻizistonlik hamkasbiga ushbu lavozimga tasdiqlangani munosabati bilan tabrik maktubi yuborgan edi.