«Biz hali chegaralarimizni yopganimiz yoʻq, shuni bilib qoʻyinglar. Sababi, barchasini toʻxtatib qoʻyish uchun asos boʻladigan xavfni hali koʻrayotganimiz yoʻq. Lekin kasallik koʻpayishni boshladi, yil boshida kuniga 15ta holat aniqlangan boʻlsa, hozir 300taga chiqdi.
Infeksiya 6-7 foizda oliy taʼlim muassasalarida va 11-15 foiz holatda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yuqtirib olingan. Bu oʻtgan yilgi holat bilan taqqoslanadigan boʻlsa, oʻshanda maktab bolalarida bu kasallik yoʻq edi. Yil boshida “britancha shtamm” bolalar oʻrtasida tarqaldi, biz qator maktab va bogʻchalarni yopishga majbur boʻldik. Yaʼni, hozir kasallik ham oʻz turini oʻzgartirib, yana-da xavfliroq boʻla boshladi. Avval bolalarga taʼsir qilmagan boʻlsa, hozir aksincha boʻlyapti, hattoki bogʻcha bolalariga ham taʼsir qilyapti.
“Afrikancha shtamm” ham bizga kirdi, buni Yuqori texnologiyalar markazi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati bilan birgalikda oʻrganib, hammasini bir-biridan ajratib chiqdi. Hozir ham juda chuqur tahlil olib borilyapti», – dedi bosh vazir.