Abdulla Aripov Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni partiya kotibi Ma Sinjuy bilan uchrashuv oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 29 Mart 2023 1448

    Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni partiya kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.

    Bugun, 29-mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni partiya kotibi Ma Sinjuy bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda Bosh vazirning Matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Uchrashuvda tobora yuqori surʼat bilan rivojlanayotgan Oʻzbek-Xitoy aloqalarining bugungi darajaga koʻtarilishida ikki Davlat Rahbarlari oʻrtasidagi ochiq muloqot, ishonchli va doʻstona munosabatlar asosiy omil boʻlib xizmat qilayotgani qayd etildi.

    Taʼkidlanganidek, Xitoy Oʻzbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan oʻtgan strategik hamkoridir. Oʻzbekiston “yagona Xitoy siyosati”ni hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qatʼiy kurashni doim qoʻllab-quvvatlaydi.

    Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo va investitsiya hamkorlaridan biri hisoblanadi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi ilk bor qariyb 9 milliard dollarni tashkil etdi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 2140 dan ziyod korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

    Uchrashuvda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy yoʻnalishda katta salohiyatga ega ekanini hisobga olib, yangi istiqbolli loyihalar va dasturlarni, jumladan hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

    Muzokaralar davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, ilm-fan, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

    Muloqot yakunida Toshkent viloyati bilan Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi.