Mafalda Duarte Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida mamlakatimizdagi barcha sohalar barqaror rivojlanayotganini eʼtirof etdi.
Shu bilan birga, Yashil iqlim jamgʻarmasi ijrochi direktori “yashil” moliyalashtirishni rivojlantirish, iqlimga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha islohotlarni qamrab oluvchi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan muayyan maqsadlar boshqa davlatlar uchun ham ahamiyatga molik ekanini bildirib, mamlakatimizda iqlim oʻzgarishi tahdidlarining xavf-xatarlari toʻgʻri talqin qilinayotgani va ilmiy tadqiqotlar asosida tegishli zarur choralar koʻrilayotganini yuqori baholadi.
Uchrashuvda iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, mamlakatimizda Yashil iqlim jamgʻarmasining mintaqaviy vakolatxonasini ochish, Jamgʻarma bilan birgalikda innovatsion koʻkalamzorlashtirish va yerlarni barqaror boshqarish loyihalarini ishlab chiqish hamda Orolboʻyida ijtimoiy-ekologik vaziyatni yaxshilash, jamgʻarmaning moliyaviy resurslaridan unumli foydalanish, “Green” universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish singari masalalar ham muhokama qilindi.