Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, hamyurtimiz ushbu individual sovrin uchun kurashda Bernardu Silva va Janluidji Donnarumma kabi jamoadoshlarini ortda qoldirib, eng koʻp ovoz toʻplashga muvaffaq boʻlgan. Bu Husanov uchun ingliz klubi safidagi ikkinchi shunday muvaffaqiyat hisoblanadi.
Himoyachi yanvar oyi davomida toʻrtta turli musobaqa doirasida jami toʻqqizta uchrashuvda maydonga tushib, aksariyat oʻyinlarda toʻliq harakat qildi. Uning himoya chizigʻidagi barqaror va ishonchli harakatlari jamoaning Angliya Premyer-ligasi chempionligi yoʻlidagi muhim omillardan biri sifatida baholanmoqda. Hozirda Manchester Siti 47 ochko bilan turnir jadvalining ikkinchi pogʻonasida bormoqda.
Shuni taʼkidlash joizki, Abduqodir Husanov avvalroq Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi tomonidan 2025-yil yakunlariga koʻra Osiyoning ramziy terma jamoasiga ham kiritilgan edi. Mutaxassislarning fikricha, yosh himoyachining bunday yuqori natijalari uning nafaqat klubda, balki qitʼa miqyosidagi nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi.