Gvardiola uchrashuvda koʻplab rotatsiyalarni amalga oshirmoqchi ekaniga ishora qildi. Jumladan, oʻyinda “Arsenal”ga qarshi bahsda kichik jarohat olgan Abduqodir Husanov ishtirok etmaydi. Hozircha Husanovning shanba kungi APL doirasidagi “Byornli”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushishi ham soʻroq ostida qolmoqda.
Shuningdek, murabbiy oʻyin oldidan jamoaning oʻzbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanovni maqtadi.
«U markazda oʻynay oladi, himoyaning chap qanotidan boshqa istalgan pozitsiyalarda oʻynay oladi, deb aytgan boʻlardim...
Ha, u hujumda koʻp vaziyat yarata olmasligi mumkin, ammo uning oʻyini oʻta ishonchli va barqaror. Uning jismoniy imkoniyatlari, ortga qaytish [tezligi] xuddi Kayl [Uolker]ning eng yaxshi davrlarini yodga soladi», – degan “shaharliklar” ustozi.
Mutaxassis Husanov kelajakda “Manchester Siti” uchun eng muhim futbolchiga aylanishiga, u jamoa safida juda koʻp vaqt qolishiga ishonch bildirgan.
«U gʻoyatda eʼtiborli, juda yosh, oʻrganishga intiluvchan. Biz duch kelgan kuchli, jiddiy raqiblarga qarshi u haqiqatan ham aʼlo oʻyin koʻrsatdi.
U juda yosh boʻlishiga qaramay, avvaliga Oʻzbekistondan Fransiyaga kelib moslashdi, keyin bu yerga kelgach, biz uchun qiyin boʻlgan mavsumda tezda jamoaga kirishib ketdi...
Agar yangi joyga kelganingda hammasi joyida boʻlsa, moslashish oson kechadi. Ammo bizda unday emasdi. Bizda bor harakatlar va uslublarni u aqlbovar qilmaydigan darajada tez oʻrganmoqda.
Oʻylaymanki, u klub soʻnggi bir necha yillar davomida sotib olgan eng yaxshi futbolchi ekanini tez orada tushunib yetasiz. Bu yigit hali uzoq vaqt „Manchester Siti“da qoladi”, – deydi ispaniyalik mutaxassis.