Xabaringiz bor, ayni kunlarda Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat boʻyicha nufuzli “Tata Steel Chess-2023” turniri davom etmoqda.

Kecha musobaqaning 11-turida barchaning diqqat-markazi “Masters” guruhining yetakchilari Nodirbek Abdusattorov hamda niderlandiyalik Giri Anish oʻrtasidagi bahsga qaratildi. 

Qiziqarli taktikalarga boy oʻyinda tomonlar murosa koʻchasini tanlashdi va oʻz hisoblariga 0.5 ochkodan yozib qoʻydilar. Ushbu bahsdan soʻng ochkolari hisobini 7.5 taga yetkazib olgan Abdusattorov hamon peshqadamlikni saqlab turibdi.

“Chellenjer” guruhida 11-turda oq donalarda niderlandiyalik Maks Varmerdamga qarshi bahs olib borgan Javohir Sindorov ham durang qayd etdi. Ushbu natijadan soʻng Sindorov ochkolarini 7 taga yetkazib oldi va sovrinli oʻrinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.

Bugun Niderlandiya mezbonlik qilayotgan nufuzli shaxmat turnirida 12-tur bahslari boʻlib oʻtadi. “Masters” guruhida peshqadamlikni bermayotgan Nodirbek Abdusattorov (2713) bu gal amerikalik Uesli Soga (2760) qarshi bellashadi. “Chellenjer”guruhida 3-oʻrinni egallab turgan Javohir Sindorovga (2654) eronlik Amin Tabatabei (2686) raqiblik qiladi.