Abituriyentlardan bu yilgi test sinovlariga yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida tayyorgarlik koʻrishlari soʻraldi

    Ta'lim 26 May 2023 2338

    Bilimni baholash agentligi tomonidan 2022-yil 28-oktyabrda abituriyentlar test sinovlariga tayyorgarlik koʻrishlari uchun tavsiya etilgan darsliklar va oʻquv adabiyotlar roʻyxati eʼlon qilingandi.

    Bunda huquqshunoslik fanlari boʻyicha tavsiya etilgan darsliklar roʻyxatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham mavjud boʻlib, unda qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish kiritilgan taqdirda qonunchilikning asl manbaiga murojaat qilinishi belgilangandi.

    2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendum natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi toʻgʻrisida” OʻRQ-837-son Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilindi.

    Agentlikning maʼlum qilishicha, 2023-yil 22-23-may kunlari Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari tomonidan tavsiya etilgan huquqshunoslik fanlari boʻyicha taʼlim beruvchi mutaxassislar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

    Unda huquqshunoslik fanidan test topshiriqlarini shakllantirish masalasi muhokama qilinib, test topshiriqlari oʻquv dasturlariga kiritilgan mavzular doirasida qonunchilik hujjatlariga kiritilgan oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amaldagi qonunchilik hujjatlari, jumladan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida shakllantirilishi maqsadga muvofiq, deb topildi.

    Shu sababli “Yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirish istagida boʻlgan abituriyentlar test sinovlariga amaldagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida tayyorgarlik koʻrishlari lozimligini maʼlum qilindi.