Festival ishtirokchilari “O‘zbekiston” paviloniga tashrif buyurib, mamlakatimizda tayyorlangan misgarlik, kulolchilik, milliy matolardan tayyorlangan mahsulotlar namoyishiga guvoh bo‘lishi mumkin. Shuningdek, pavilonda milliy kuy-qo‘shiqlar hamohangligida O‘zbekistonning gastronomik imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida turli milliy taomlar tayyorlanib, dasturxonga tortilmoqda.
Mazkur pavilonning ochilish marosimida 18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan Abu Dabidagi o‘zbekistonliklar ishtirokida tantanali tadbir o‘tkazildi. festivalning markaziy monitorida O‘zbekiston bayrog‘i jilolanib, davlat madhiyasi yangradi. shuningdek, 10 daqiqa davomida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan roliklar namoyish etildi.
Diplomatik vakolatxonalar hamda faol vatandoshlar ishtirokida festivalning markaziy maydoni bo‘ylab bayroqlar bilan parad uyushtirildi.
Maʼlumot uchun, “Shayx Zoid” madaniy meros anʼanaviy festivali beshinchi marta tashkil etilmoqda va u 2023-yil 17-noyabrdan 2024-yilning 9-martiga qadar davom etadi.
Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilonlari, Sanʼat shaharchasi, “Selfiye street” maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilonlari tashkil etilgan.