“Amra Life” telegram kanali xabariga ko'ra, parlament a'zolari Adgur Xaraziya va Kan Kvarchiya mushtlashib ketgan va Vaxtang Golandziya ularni tinchlantirishga harakat qilgan. Bir payt Xaraziya qurolini olib, Kvarchiyaga qarata o'q uzmoqchi bo'lib, Golandziyani ham yaralagan. Telekanalning ta'kidlashicha, o'q Golandziyaning boshiga tekkan, jarohat esa o'limga olib kelgan.
Golandziyaning o'limi haqidagi ma'lumotni “RIA Novosti”ga Abxaziya Sog'liqni saqlash vazirligi tasdiqladi. “Nujnaya gazeta” portalining yozishicha, deputat “hayotni saqlab qolish imkoniyatini bermaydigan jarohatlar” olgan va shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun qilgan harakatlariga qaramay, Respublika klinik shifoxonasida vafot etgan.
“Apsnipress” agentligining xabar berishicha, Kvarchiya qo'lidan yaralangan va reanimatsiyaga yotqizilgan, biroq uning hayotiga hech qanday xavf yo'q.
“Sputnik Abxaziya” Respublika Ichki ishlar vazirligi vaziri vazifasini bajaruvchi Robert Kiutga tayanib yozishicha, parlamentda otishma sodir etgan Xaraziya voqea joyidan qochib ketgan.
Voqea haqidagi xabarlar Abxaziya prezidenti vazifasini bajaruvchi Badra Gunbaga ma'lum qilindi, bu haqda “Suxum v efire” telegram kanali xabar bermoqda. Respublika rahbari raisligida yig'ilish bo'lib o'tdi, unda Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Dmitriy Dbar, Suxum prokurori Alxas Agumava va Suxum shahari ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Astamur Xagush ishtirok etdi. Ular Gunbaga voqea sodir bo'lgan joy o'rab olingani, huquq-tartibot idoralari xodimlari esa favqulodda vaziyatni sinchiklab aniqlayotganiga ishontirishdi.
Gunba otishmadan jabrlangan deputatlar yotqizilgan shifoxona, Respublika shifoxonasiga tashrif buyurdi. Sog'liqni saqlash vaziri va bosh shifokor unga Kvarchiya o'rtacha og'irlikdagi tan jarohati olgani va uning ahvoli barqaror ekanini ma'lum qilishdi, deb xabar beradi rtvi.com.