Kuni kecha mazkur loyiha doirasida Fargʻona shahridagi Wine Garden kompleksida oʻquvchilar yozgi oromgohining yopilish marosimi oʻtkazildi. Marosimda Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov ishtirok etib, yoshlar va dastur koordinatorlari faoliyatini yuqori baholadi.

Aytish mumkinki, loyiha ijrosi doirasida Fargʻona Davlat universitetining chet tillari fakulteti, ingliz tili oʻqitish metodikasi kafedrasi tomonidan samarali ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Fargʻona shahar xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi taʼlim muassasalaridan 45 nafar iqtidorli va kam taʼminlangan oʻquvchilar tarkibi shakllantirilib, 3 nafar ingliz tili oʻqitish metodikasi kafedrasi oʻqituvchilari boshchiligida oktyabr – iyun oylarida oʻquvchilarga intensiv ingliz tili mashgʻulotlari 130 soat davomida oʻtilgan.

Shuningdek, joriy yilning 25-iyun- 9-iyul kunlari 14 kunlik 70 soat ingliz tili dars mashgʻulotlari yozgi sayyor oʻquvlarga aylantirildi. Bunda oʻquvchilar ingliz tili darslaridan tashqari Uchkoʻprik “Mehrigiyo” dorivor oʻsimliklari lavanda dalalari, Xudoyorxon saroyi, Rishton xalqaro keramika markazi, Namangan afsonalar vodiysi xiyoboni, Andijon viloyatidagi Boburiylar tarixiy muzeyi, Quvasoy shahridagi “Vodiy tulporlari” ot sporti komplekslariga sayohat qildilar.

Quvonarlisi, ayni kunlarda 2020-2022-yillar uchun №SUZ80020GR0040 raqamli ACCESS dasturi koordinatori etib tayinlagan jamoadoshimiz - chet tillari fakulteti, ingliz tili oʻqitish metodikasi kafedrasi mudiri Nargiza Toirova ushbu loyihaga boshchilik qilmoqda.