Oʻzlari taʼkidlaganlaridek, yoshlar yuragiga adabiyot olib kiriladigan boʻlsa, maʼrifat, maʼnaviyat va madaniyat olib kirilgan boʻladi.
Ne baxtki, ana shu maqsadlarning isboti va ifodasi oʻrnida bizning taʼlim muassasamizda xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov ijodini targʻiboti va tashviqoti borasida keng qamrovli faoliyat olib borilyapti. Kezi kelganda, shuni eʼtirof etish joizki, Institutda ham adibning ijodini targʻib qilish maqsadida yoʻl xaritasi ishlab chiqilib shoir ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey tashkil qilish, adibning ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan onlayn-vebinarlar tashkil etish, adib tugʻilib oʻsgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripov toʻgʻrisida hujjatli film yaratish, institutda “Abdulla Oripov izdoshlari” toʻgaragini tashkil etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish institut tomonidan kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yaqinda Abdulla Oripovga bagʻishlangan onlayn forum tashkil etildi. Unda ulugʻ shoirning rafiqasi va qizlari, hozirda Amerikada yashayotgan kenja qizlari Mavluda Oripovalar ishtirok etishdi.
Shuningdek, adib ijodiyotini, uning serqirra faoliyati va ijtimoiy-falsafiy qarashlarini yoritish, tahlil etishga qaratilgan “Tafakkur tomchilari” ruknidagi turkum koʻrsatuvlarni tayyorlash ham boshlab yuborildi. Ular haqidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashishni istagan zamondoshlarining suhbatlaridan talabalarimizni bahramand qilish uchun “Intervyu burchagi” videodasturi ham tashkil etilgan. Abdulla Oripov sheʼriyatidan taʼsirlangan talabalarimizning ijodiy namunalaridan tuzilgan “Ilhom buloqlari” nomli toʻplam ham alohida kitob holida chop ettirildi.
2020-yilning 24-iyul kuni soat 11.00.da Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tomonidan Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga bagʻishlangan “JON VA TANDAN AZIZ VATAN” mavzusidagi navbatdagi onlayn - tadbir ham ana shu harakatlarimizning uzviy davomidir.
Tadbirda senator, Qarshi davlat universitetining professori Abdurahim Erkayev, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining direktori Ubaydulla Oripov, “Sharq yulduzi” va «Zvezda vostoka» jurnallarining bosh muharriri, iqtidorli shoir Sirojiddin Rauf, shoirning qizlari Shoira Oripova, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Gulbahor Ashurovalar oʻz fikr - mulohazalari bilan qatnashishdi. Ijod maktabining iqtidorli oʻquvchilari hamda TIQXMMI ning ijodkor talabalari oʻzlarining va ulugʻ shoir sheʼrlaridan namunalar oʻqishdi. Abdulla Oripovning vatanparvarlik ruhidagi “Oʻzbekistonim, senga” deb nomlangan sheʼr asosidagi qoʻshiqni institutimiz psixologi Muhayyoxon Muhammedova mahorat bilan ijro etib tadbirga fayz kiritdilar.
Institut yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Ruzimurot Choriyev onlayn tadbirga yakun yasar ekan, “bu harakatlarning barchasi adib hayoti va ijodiyotini atroflicha oʻrganish va targʻib-tashviq qilish borasidagi muhim qadamlardandir”, - deya taʼkidladi.
Rahimboy Jumaniyozov,
Institut matbuot xizmati rahbari