Koʻpchilikka maʼlumki, bundan 3 yil avval adliya organlari faoliyati yangi bosqichga koʻtarildi. Yaʼni 2018-yil 13-aprel kuni Prezidentning PF–5415-son Farmoni qabul qilindi va ushub Farmon bilan adliya organlarining tuman (shahar) boʻlimlari tashkil etildi.

Tuman (shahar) adliya boʻlimlarini tashkil qilishdan maqsad nimada edi?

Adliya boʻlimlari faoliyatidan asosiy maqsad – huquqni qoʻllash amaliyotini tizimli tahlil qilish va uning izchilligi va bir xilligini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni ishlab chiqish, huquqiy normalarning oʻzboshimchalik bilan va notoʻgʻri talqin qilinishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan joylarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga huquqiy maslahatlar berish, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklari ularning haqiqiy ehtiyojlari bilan bogʻliq holda taʼminlanishiga erishishdan iborat edi.
Bu esa hamyurtlarimizning viloyatlar markaziga yuzlab chaqirim yoʻl bosib oʻtirmay, ularning huquqiy muammolarini ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etishga imkon berdi.

Toʻgʻri dastlab koʻzlangan maqsadlarga erishishda adliya organlari faoliyatiga ishonchsizlik bilan qarashlar ham boʻldi, shu bilan birga katta ishonch bilan ularga koʻmaklashishga bel bogʻlaganlar mavjud edi.

Umuman olgan shu oʻtgan 3 yil davomida adliya boʻlimlari inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini taʼminlash, huquqni qoʻllash, yuridik va huquqiy xizmatni tartibga solish, shuningdek aholining huquqiy madaniyatini yana-da oshirishning yaxlit tizimini joriy etishda oʻz oʻrniga ega boʻldi deyish mumkin.

Adliya boʻlimlari tomonidan oʻtgan 3 yil davomida qanday ishlar amalga oshirildi?

Adliya boʻlimlari tashkil etilgandan boshlab, oʻtgan 3 yil davomida ular tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, adliya boʻlimlari tomonidan 2018-2020-yillar davomida:

    • fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini koʻzlab sudlarga 28 mingdan ziyod daʼvo arizalari kiritilgan;
    • davlat organlari va tashkilotlariga 36 mingdan ziyod taqdimnomalar kiritilgan;
    • davlat organlari va tashkilotlarida 13 mingga yaqin nazorat tadbirlari oʻtkazildi;
    • qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha 12 ming 200 ta takliflar berilgan.

Shuningdek, tashkil etilgan yildayoq adliya boʻlimlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarning 8,5 mingga yaqin murojaatlari hal qilindi.

Boʻlimlar tomonidan birgina 2018-yilda davlat organlari va tashkilotlariga kiritilgan taqdimnomalar asosida fuqarolar va tadbirkorlarning qariyb 3 mlrd. soʻm mablagʻlari qaytarilgan yoki toʻlab berilgan. Ushbu koʻrsatgich 2019–2020-yillar davomida qariyb 10-20 baravar ortib tegishlicha 32,5 mlrd. va 70 mlrd. soʻm tashkil etgan.

2019-2020-yillar davomida fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy huquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadida sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarining 98 foizi qanoatlantirilgan.

Adliya boʻlimlari tomonidan hal etilgan masalalarning koʻpchiligini mehnat huquqlarining buzilishi, sogʻliqni saqlash sohasidagi qonun normalariga amal qilinishi, yer-mulk sohasidagi muammolar va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga toʻsqinlik boʻlayotgan turli holatlar tashkil qiladi.

Bundan tashqari adliya boʻlimlari tomonidan aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish borasida ham oʻz oʻrniga va yoʻnalishiga ega boʻlib bormoqda.

Jumladan, adliya boʻlimlari orqali huquqiy savodxonlikni yuksaltirish ishlari “shaxs – oila – mahalla – taʼlim muassasasi – tashkilot – jamiyat” prinsipi boʻyicha uzviy ravishda amalga oshirila boshlandi.

2020-yil davomida pandemiya sharoitida aholining huquqiy axborotga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida 300 mingga yaqin turli koʻrinishdagi huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan.

Adliya boʻlimlari kelgusida ham oʻz oldilariga qoʻyilgan vazifalarni masʼuliyat bilan bajarish orqali yurt ravnaqi, xalq farovonligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshishda davom etadi.

Sevara Oʻrinboyeva,

adliya vazirligi masʼul xodimi