Maʼlumot uchun: Prezidentimiz qarorlariga muvofiq 2021-yil 1-oktyabrdan respublikamizning barcha hududlarida Adliya vazirligi tizimida Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etilgan.

Oʻrganish oʻtkazilgan maktablarda 9 787 ta kadrlar xizmati xodimlari shtat birliklari mavjud boʻlib, ularda 9 937 nafar (0,5 stavka ham qoʻshib hisoblaganda) xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ushbu xodimlarning 911 nafari oliy maʼlumotli, 9 026 nafari oliy maʼlumotga ega boʻlmagan mutaxassislardir.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, oliy maʼlumotli xodimlarning lavozim razryadlari – 7-razryad, oliy maʼlumotli boʻlmagan xodimlarning lavozim razryadlari – 6-razryad etib belgilangan.

Biroq oʻrganish davomida aksariyat tuman va shahar xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan maktablardagi kadrlar boʻlimi xodimlarining mehnatga haq toʻlash boʻyicha lavozim razryadlari past belgilangani aniqlandi.

Xususan, 160 ta holatda 2-razryad, 1 353 ta holatda 3-razryad, 48 ta holatda 4-razryad, 4 000 ta holatda 5-razryad, 4 160 ta holatda 6-razryad va 216 ta holatda 7-razryad etib belgilangan.

Qonunchilikka zid ravishda past razryad boʻyicha ish haqi toʻlanish holatlari yuzasidan hududiy adliya organlari tomonidan 1 832 ta taʼsir choralari kiritilib, unga koʻra 6 038 ta xodimning lavozim razryadini muvofiqlashtirish soʻralgan.

Bundan tashqari, qonunchilik talablariga zid ravishda xodimlarning mehnatga haq toʻlash boʻyicha lavozim razryadlari asossiz pasaytirilishi natijasida jami 16 mlrd. soʻmga oylik maoshlar kam toʻlangan.

Hozirda hududiy adliya organlari tomonidan sudlarga tegishli daʼvo arizalari kiritilib, kam hisoblangan oylik maoshlarini toʻlatib berish choralari koʻrilmoqda.

Hozirgacha adliya boʻlimlari tomonidan koʻrilgan choralar natijasida 3 mlrd. soʻm toʻlab berildi va qolgan qismini ham undirish choralari koʻrilmoqda.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi