Aksiya davomida, soha xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha adliya organlari tomonidan 23 mingdan ortiq targʻibot tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, telekanallarda 130 dan ortiq, radioda 580 dan ortiq chiqishlar qilindi, 4,1 mingdan ortiq sayyor qabullar, seminar va davra suhbatlari oʻtkazildi, veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda 11 ming marotabadan ziyod maʼlumotlar joylashtirildi va boshqa turli shakllarda targʻibot tadbirlari amalga oshirildi.

Shuningdek, soha boʻyicha adliya organlariga 7 821 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, shundan, 5 674 tasi (72,5 %) qanoatlantirildi, 1 006 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi hamda 51 ta murojaat tegishliligiga koʻra vakolatli organlarga yuborildi.

Murojaatlarning asosiy qismi Andijon (1 010 ta), Fargʻona (981 ta) va Buxoro (811 ta) viloyatlariga toʻgʻri keldi.

Vazirlik tomonidan sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlariga ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar
va kompensatsiyalarning toʻlanib borishi holati monitoring oʻtkazish yoʻli bilan ham oʻrganildi.

Oʻrganishlar davomida:

  • ish haqining belgilangan muddatda toʻlanmasligi holatlari (7 573 ta);
  • ustamalarning toʻlanmasligi holatlari (3 500 ta);
  • foydalanilmagan taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlab berilmasligi holatlari (318 ta);
  • xodimlarni mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga qabul qilish holatlari (2489 ta);
  • olis hududlarda ishlovchi oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining toʻlab berilmasligi holatlari (315 ta);
  • birlamchi va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor boʻlgan holatlar (90 509 ta);
  • majburiy mehnatga jalb qilish holatlari (19 ta) va boshqa koʻplab qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil
30-oktyabrdagi PF-6099-son Farmoniga asosan 2021-yil 1-yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yoʻlga qoʻyilib, ushbu tadbirni moliyalashtirish ijrochilarning byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Adliya organlari tomonidan oʻtkazilgan monitoring davomida Qoʻqon shahrida 30 nafar, Karmana tumanida 31 nafar, Kattaqoʻrgʻon tumanida
19 nafar, Qoʻrgʻontepa tumanida 23 nafar, Sirdaryo viloyatida 25 nafar
 “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasi yuklatilgan oʻqituvchilarga 20 foiz miqdorida ustama toʻlovlari toʻlanmayotganligi aniqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 391-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy turdagi davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisida nizomga koʻra, davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotida rahbarlar, pedagog va tibbiyot xodimlari, shuningdek, tarbiyachilar yordamchilari lavozim maoshlariga hamda tarif stavkalariga 100 foiz miqdorida qoʻshimcha toʻlov toʻlanishi belgilangan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4306-son qaroriga koʻra, taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 150 foizasosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblari lavozim maoshiga har oy
100 foizlik ustama haqi toʻlanishi belgilangan, shuningdek, boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlari manfaatida turli imtiyozlar belgilangan boʻlsa-da, xodimlar amaliyotda ushbu huquqlardan foydalanishda ish beruvchi tomonidan turli toʻsqinlik qilish holatlari duch kelmoqda.

Jumladan, Marhamat tuman xalq taʼlimi boʻlimi tizimidagi 27-son,
39-son va 40-son davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat yuritib kelayotgan hamda fanlar boʻyicha asosiy olimpiadalarida respublika bosqichi gʻolibligini qoʻlga kiritgan 3 nafar pedagoglarga 2021-yil va 2022-yil yanvar-fevral oylari uchun jami 163 mln. soʻm miqdordagi ustama haqlar toʻlab berilmaganligi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5117-son Qaroriga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining kamida S1 darajadagi xalqaro sertifikatni olish uchun imtihon topshirish bilan bogʻliq xarajatlari Davlat byudjetidan pedagog kadrlar malakasini oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar, davlat oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining xarajatlari esa oliy taʼlim muassasalarining oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanishi lozimligi belgilangan boʻlsa-da, amaliyotda imtihon topshirish bilan bogʻliq xarajatlarning qoplab berilmasligi holatlari kuzatilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6108-son Farmoni hamda 2020-yil 13-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish
va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6110-son Farmoniga zid ravishda, 315 ta holatda olis hududlarda ishlovchi oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullari toʻlab berilmaganligi aniqlandi.

Adliya organlari tomonidan sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan 1 985 ta taqdimnoma, 2 331 ta ogohnoma, 404 ta maʼmuriy va 5 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda sudlarga 14,3 mlrd. soʻmlik 3 311 ta daʼvo arizalari kiritildi.

Koʻrilgan taʼsir choralari natijasida 13,7 mlrd. soʻm mablagʻlar (ish haqi, ustama va boshqa toʻlovlar) soha xodimlariga undirib berildi. Shuningdek, 1 001 ta hujjat bekor qilindi, 643 ta shaxs intizomiy, 128 ta shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Shu bilan birga, ishga qabul qilishda mehnat shartnomasi tuzilmagan 30 089 nafar xodimlar bilan mehnat shartnomalari rasmiylashtirilishida amaliy yordam koʻrsatildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi