Sayyor qabul davomida adliya, davlat xizmatlari markazlari, FHDYO, “Madad” NNT xodimlari, notariuslar va advokatlar tomonidan soha vakillariga huquqiy maslahatlar berilib sayyor xizmatlar koʻrsatildi.
Sayyor qabulda har bir tibbiyot xodimining murojaati va unda koʻtarilgan masalalar professional oʻrganilib ularga amaliy yordam koʻrsatildi. Jumladan, aksiya doirasida fuqarolar xususiy klinika ochish tartibi, bolani maktabga joylashtirish, ishga tiklash tartibi qanday boʻlishi haqidagi savollarni berishdi.
Yana bir ayol nogiron farzandi borligini, ammo hech bir tashkilot tomonidan unga eʼtibor qaratilmayotganligi, yana bir ayol qaynotasi 2-guruh nogironi boʻlishiga qaramay bepul dori-darmon bilan taʼminlanmayotganligini gapirdi. Shundan soʻng mutasaddilar muammoni muhokama qilishdi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi masʼul xodimlari fuqarolarning uyiga borib holatni oʻrganadigan hamda kerakli choralar koʻriladigan boʻldi.
Shu bilan birga, uy-joy uchun subsidiya olish tartibi, bola pulini olish tartibi, “Ayollar daftari”, homiladorlarni roʻyxatga olish, ajrashgan ayol yolgʻiz onaga kirishi yoki kirmasligi, yolgʻiz ayolga soliq toʻlashda imtiyoz bor-yoʻqligi, talaba krediti, avtokredit olish tartibi masalalarida murojaatlar va savollar berildi.
Shuningdek, tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot tashkil qilinib ular oʻrtasida huquqiy viktorina oʻtkazildi. Viktorinada Toshkent stamotologiya instituti 2-bosqich talabalari Jonibek Habibullayev va Jamshid Abdullayevlar gʻolib boʻlib, esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Tadbirda huquqni faol targʻib qilish, qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga tushunarli va qiziqarli tarzda yetkazishga asosiy eʼtibor qaratildi.
Adliya vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlarining huquqlari va ularga berilgan imtiyozlarni sodda tilda bayon etgan targʻibot materiallari, buklet va flayerlar bepul tarqatildi.
Mazkur ijtimoiy aksiya samarasi haqida qisqacha:
Adliya vazirligi tomonidan sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining manfaati yoʻlida sudlarga 7 milliard 189 million soʻmlik daʼvo arizalari kiritildi.
Aksiya doiraisda vazirlik tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimi xodimlarining ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar va kompensatsiyalarning toʻlab borishi holati ham oʻrganilmoqda.
Bundan tashqari, aksiya davomida oʻtkazilgan monitoringlar natijasida:
ish haqining belgilangan muddatda toʻlanmasligi (500 ta);
ustamalarning toʻlanmasligi (1534 ta);
foydalanilmagan taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlab berilmasligi (123 ta);
olis hududlarda ishlovchi oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining toʻlab berilmasligi (264 ta);
birlamchi va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtilishi munosabati bilan xodimlarning xarajatlarini qaopab bermaslik holatlari (49 211 ta);
majburiy mehnatga jalb qilish holatlari (16 ta) va boshqa koʻplab qonunbuzilish holatlari aniqlanib, soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilgan.
“Sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” aksiyasi doirasidagi navbatdagi sayyor qabul taʼlim sohasi xodimlari uchun 21-aprel kuni Talabalar shaharchasi hududida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi









