Qurultoyda adliya vaziri R.Davletov ishtirok etib, Tadbirkorlik kodeksi, tadbirkorlikka oid qonunchilikdagi muammolar tahlili va ularning echimlari to'g'risida nutq so'zladi.
Vazir o'z axborotida ikki asosiy masalaga to'xtalib o'tdi, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.
Birinchisi, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan Tadbirkorlik kodeksi, ikkinchi masala esa umuman tadbirkorlikka oid qonunchilikdagi muammolar tahlili va ularning echimlari.
Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev “Tadbirkorning dardi bilan yashamagan rahbar siyosatni tushunmagan rahbar bo'ladi» deb juda to'g'ri ta'kidlaganlar.
“Hamma bitta narsani tushunishi kerakki, tadbirkorlikning asosiy mohiyati – bu foyda olish, samaradorlik va olingan foydani yana investitsiya qilishdan iborat. YA'ni tadbirkor foydani qancha ko'p olsa, shuncha ko'p investitsiya qiladi va bu mamlakatning o'sishiga xizmat qiladi. Demak, tadbirkorning o'sishidan davlat manfaatdor” deya ta'kidladi adliya vaziri R.Davletov.
Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba hisoblanmish Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha aqilli tartibga solish (smart regulation) kontseptsiyasiga muvofiq qonun ijodkorligining zamonaviy uslublaridan hisoblangan “One in two out”, BPR tamoyillari asosida ishlab chiqilmoqda.
Kodeks nima uchun kerak?
Birinchidan, hozirda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko'p miqdorda qabul qilingan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.
Hujjatlarning nihoyatda ko'pligi ular o'rtasida kolliziyalarni keltirib chiqarishi mumkin, zarur bo'lgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qo'llashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy bu esa tadbirkorlik sub'ektlarining asosli e'tirozlariga sabab bo'ladi.
Vazir o'z axborotida “tadbirkor ishlashi, g'oyalarini ro'yobga chiqarishi kerak, u faqat hujjat, katta byurokratiyani ichida ko'milib ketsa, ishini kim qiladi? SHuning uchun unga qo'lida bitta kompakt, tushunarli huquqiy me'yorlar to'plami zarur. Masalan, YAponiyada tadbirkorning qo'lida bittagina Savdo kodeksi bo'ladi, u faqat shunga ko'ra o'z ishini olib boradi” deb aytib aytib o'tdi.
Ikkinchidan, sohani huquqiy tartibga solishda zamonaviy tendentsiyalardan kelib chiqib bo'shliqlarni bartaraf etish zaruriyati mavjud, yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan to'liq tartibga solish masalasi turibdi. Masalan, “o'rta biznes” mezonlari, innovatsion tadbirkorlik va elektron tijoratning kirib kelishi (startap-korxonalar, innovatsion klasterlar, texnologik parklar va b.).
Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda hamda turli kolliziyalar mavjud bo'lgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi. Bu loyiha albatta jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi (sentyabr`-oktyabr` oylarida).
-
- Tadbirkorlikka oid qonunchilik tahlili va oldinda turgan masalalar.
Davlat va tadbirkor munosabatlari huquqiy jihatdan to'g'ri va iqtisodiy jihatdan samarali bo'lishi uchun qonunchilikda quyidagilar masalalar to'liq va uzil kesil hal etilishi lozim.
Birinchidan, barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash. Davlat tadbirkorga sharoit yaratib, elektr, gazi, suvi, yo'li, kreditini ta'minlashidan tashqari unga zarur huquqiy kafolatlarni berishi, mulk daxlsizligi, barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlab berishi lozim.
Bu borada hozirgi kunda asosiy muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun zarur choralar ko'rilmoqda. Birgina er masalasini olaylik.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun bo'sh turgan
er uchastkalarini auktsion orqali berishning yangi tartibi amaliyotga to'liq tadbiq etilmagani ortidan bu sohada turli korruptsion tuynuklar, noqonuniy er sotish va yoki erni tadbirkordan olib qo'yish amaliyoti avj olib bormoqda.
Noqishloq erlarini ajratishda auktsionni chetlab o'tishga yo'l ochib beradigan qonunchilikda ko'plab mustasnolar mavjud edi (Obod mahalla, YOshlar kelajagimiz, maxsus iqtisodiy, kichik sanoat zonalar, YOshlar sanoat zonalari, kinoteatrlar).
Auktsionga ishonch shakllanmasdan, aholi er olish masalasida noqonuniy yo'llar qidirishi ham bor gap.
Bu esa, o'z navbatida, tadbirkorlikda raqobat muhitining buzilishiga olib keladi.
Kuni kecha qabul qilingan Prezident farmoni mana shu muammolarga chek qo'yish orqali tadbirkorlarga ishonchli, barqaror biznes muhitini yaratishga va teng imkoniyatlarni ta'minlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatiga davlat aralashuvini minimallashtirish. Tadbirkorlik sub'ektlari va davlat o'rtasidagi munosabatlarda davlat tomonidan tartibga solish va nazoratning aniq chegaralarini belgilanligi muhimdir. YA'ni tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvni cheklab, ularni tinch qo'yish kerak. Bunda davlatning ayrim funktsiyalarini xususiy sektorga o'tkazish, tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish deb: ruxsat berish, ruxsatni bekor qilish, litsenziyalash kabi richaglar bilan biznes munosabatlariga ortiqcha aralashish bizning maqsadlarimizga mos samarani bermaydi. Bu, aksincha, yashirin iqtisodiyotni gullab-yashnatadi, tadbirkorlarni qonuniy faoliyat olib borishdan bezdiradi.
Sir emaski, litsenziya va ruxsatnoma olish ko'plab tadbirkorlarimizni qiynab kelayotgan edi. CHunki litsenziya va ruxsatnoma olishda tadbirkorlar ko'plab turli byurokratik to'siqlarga, ortiqcha ovoragarchilik, xattoki koruptsiya holatlariga duch kelar edi. Adliya vazirligiga ham bu masalada ko'plab ariza va shikoyatlar kelib tushar edi.
Mazkur sohadagi muammolarni batamom bartaraf etish bo'yicha o'tgan yili tadbirkorlar bilan uchrashuvlar qildik, so'rovlar o'tkazdik, litsenziya va ruxsatnoma beradigan tashkilotlarda o'rganishlar o'tkazildi va xalqaro tajriba o'rganildi.
To'plangan hujjatlar chuqur tahlil qilingan holda barcha ushbu sohadagi muammolarni bartaraf etish bo'yicha takliflar ishlab chiqildi.
Takliflar asosida o'tgan yil avgust oyida Prezidentimizning “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 104 ta litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Maxsus “Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirildi. endilikda, xabardor qilish tizimi orqali 15 kun ichida emas 10 daqiqa ichida bemalol ishni boshlash mumkin.
SHuningdek, sohani tartibga soluvchi yagona “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida”gi Qonun Senat tomonidan qabul qilinib, Prezident tomonidan imzolanish jarayonida.
Uchinchidan, byurokratiya va ovoragarchiliklarga chek qo'yish. Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati bilan bog'liq tartib va taomillar sodda, turli byurokratik to'siqlardan xoli bo'lishi lozim.
Qonun hujjatlarining tarqoqligi amalda ularni idrok etishni murakkablashtiradi. Bundan tashqari turli huquqiy tafovutlar va nizolarni keltirib chiqaradi. Tadbirkor uchun har bir nizoli holat – kutilmagan va ortiqcha harajat deganidir.
Ortiqcha tartibga solish va byurokratiyani kamaytirish, xususan, tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan huquqni qo'llashda nomuvofiqliklar vujudga kelishining oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “tartibga solish gil`otinasi” usulini qo'llagan holda qonunchilikni tizimlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tegishli hujjatlar bilan 2020 yil 500 ga yaqin, 2021 yil 400 ga yaqin Prezident Farmon va qarorlari bekor qilindi. SHuningdek, 2 000 ga yaqin hukumat qarorlari o'z kuchini yo'qotgan deb topildi.
Bu esa amaldagi qonunchilik bazasini deyarli 10 foizga ixchamlashtirishga imkon berdi.
Tadbirkorlarimiz faoliyatida ayniqsa ko'p duch keladigan texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjatlarining tarqoqligi (SHNK, SANPIN, standart va boshqa texnik talablar) amaliyotda ularni tushunishni qiyinlashtirishga, haddan tashqari byurokratiyaga olib kelmoqda. Bu o'z navbatida, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirishni hamda eski va o'z ahamiyatini yo'qotgan normativ hujjatlarni bekor qilishni taqozo etadi.
Biz bu yo'nalishda ham ishlayapmiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda biznes yuritishdagi tartib-taomillarni soddalashtirish, tadbirkorlik sub'ektlariga qulayliklar yaratish hamda faol tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida amaldagi qonunchilik normalari tanqidiy qayta ko'rib chiqilib, aniqlanayotgan byurokratik to'siqlar bekor qilinmoqda
Tadbirkorlikka doir qonunchilikdagi barqarorlik, o'yin qoidalarining aniq va o'zgarmasligi tadbirkorga o'z risklarni prognozlashtirish, biznesni rejalashtirish va rivojlanish kafolatlarini beradi. Davlatga bo'lgan ishonchni mustahkamlaydi. SHuning uchun hech bo'lmasa, yaqin 10 yillikda qonunchiligimizda barqarorlik va tizimlilikni ta'minlash lozim.
To'rtinchidan, hududlarda biznes uchun qulay muhit yaratish.
Tadbirkorlarni qiynayotgan yana bitta masala bu bevosita hududlardagi biznes uchun yaratilgan muhit. YA'ni, hududlarda, har bir tuman (shahar)da tadbirkorlik uchun yaratilgan shart-sharoitning holatini yaxshilash.
Joylarda tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bo'yicha muammolarni aniqlashning yangi usuli ishlab chiqildi.
Xususan, “BUSINESS INDICATOR” – hududlarning Biznes reytingi ishlab chiqildi. Reyting joylarda tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlarni baholaydi. Baholashda tadbirkorlarni o'zi ham bevosita ishtirok etishadi. YA'ni ular so'rovlarda qatnashadi va ularning bergan javobiga qarib reytingning ayrim yo'nalishlari shakllantiriladi.
Masalan, o'tkazilgan so'rovlarda Surxondaryolik tadbirkorlar bank xizmatlaridan norozi bo'lishgan. YOki bo'lmasa, ko'plab tadbirkorlarning fikriga ko'ra tuman (shahar) hokimliklari va davlat soliq inspektsiyasiga ishonmasliklarini bildirgan.
YOki bo'lmasa, so'rovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 44%, ya'ni sal kam 2 tadan 1 tasi majburiy homiylikka jalb qilinishini aytishgan.
Xullas, bu tizim, joylarda tadbirkorlarni muammolarini ochiq ko'rsatib berdi. Boshqacha qilib aytganda qozonda borini, cho'michga chiqaradigan tizim bo'ldi.
2020 yil yakunlariga ko'ra, Biznes reytingda birinchi uchlikda Toshkent shahri, Namangan va Navoiy viloyatlari bo'lsa, oxirgi o'rinlarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari joy oldi. Bu Reyting har olti oyda qayta tuziladi.
Reytingda past o'rinni egallagan hududlar demak, biznes muhitini yaxshilar, tadbirkorlar uchun sharoitlarni yaxshilash bo'yicha qator manzilli ishlashi kerak.
Mashhur global iqtisodchi DE SOTOning bitta mashhur gapi bor: “Agar biron sohani isloh qilmoqchi bo'lsangiz, chet eldan juda aqlli va nufuzli ekspertlarni jalb qilmasdan, bibliotekada o'tirib nazariya o'qimasdan, o'rningizdan turib ko'chaga chiqishingiz va shahar ko'chalari va qishloq yo'llaridagi ovozlarga quloq tutishingiz zarur” degan. SHunday ekan, yangilik yaratmasdan, yangi nazariya yaratmasdan, mavjud va sinovdan o'tgan uslublar asosida tadbirkorlarga quloq tutsa, echimi o'z o'zidan namoyon bo'ladi.
Xulosa o'rnida aytish lozimki, tadbirkorga halol bo'l deb, uning xatosini qidirib, jazolab tadbirkorlikni rivojlantira olmaymiz.
Tadbirkorga munosabatni o'zgartirish lozim: unga avval boshdan potentsial qonun buzuvchi emas, moddiy boylik yaratuvchi va iqtisodiyotni o'stiruvchi sifatida qarash kerak.
Biz tadbirkorga yordam beramiz deb turli tashkilotlar, institutlar tuzib, qonunlar qabul qilib, unga yordam berishga urinmaylik, tan olish kerak, eng katta yordamimiz 2 narsadan iborat: barchaga teng sharoit yaratish va tadbirkorni tinch qo'yish.
YUqorida aytganimizdek, tadbirkorning foydasi – bu davlatning foydasi, demak, davlat va tadbirkor bir maqsad yo'lidagi hamkorlardir. Hamkorlar o'rtasida ishonch bo'lishi kerak. Tadbirkorga hadeb nima qilishini o'rgatib, uni nazorat qilib, byurokratik to'siqlar qo'yilsa, ya'ni davlat tadbirkorga ishonmasa, tadbirkor ham davlatga ishonmaydi. Uni hamkor emas, nazoratchi, tepadan bosim o'tkazuvchi, jazolovchi sifatida qabul qiladi. Tartiblarni aylanib o'tib, davlatdan yashirinishga harakat qiladi.
SHunday ekan, Adliya vazirligi aynan shunday yondashuvni targ'ib qiladi, uni qo'llab quvvatlaydi va boshqa mutasaddilarni ham shunga chaqiradi.