Maʼlumot uchun: Hakamlik sudining doimiy palatasi 1899-yilda birinchi Gaaga tinchlik konferensiyasi qarori bilan tashkil etilgan. Palata koʻrib chiqish uchun davlatlararo nizolar boʻyicha hamda xususiy tashkilotlarning xalqaro xarakterdagi daʼvolarini qabul qiladi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va HSDP oʻrtasida xalqaro xususiy huquqni rivojlantirish, zamonaviy standartlarga muvofiq yuridik kadrlar tayyorlash boʻyicha tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.

Oʻzbekiston adliya vaziri R.Davletov Palata rahbariyatiga 2022—2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, norma ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, fuqarolarga yuqori sifatli yuridik xizmatlar koʻrsatishda Adliya vazirligining faoliyati va roli haqida batafsil maʼlumot berdi.

Xususan, 2021-yilda qabul qilingan “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonun hakamlik muhokamasi samaradorligini oshirish va xorijiy investorlarning ishonchini oshirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Xyugo Siblez Oʻzbekiston rahbariyati fuqarolar va biznes vakillarining odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash boʻyicha samarali choralar koʻrayotganini taʼkidladi. Hakamlik sudining doimiy palatasi bosh kotibi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va yuqorida taʼkidlab oʻtilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, turli hakamlik nizolari yuzaga kelgan taqdirda hakamlik sudlari institutlarini tanlashni yanada diversifikatsiya qilishni taʼminlaydigan 1907-yildagi Xalqaro nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha Gaaga konvensiyasida Oʻzbekistonning ishtirok etish istiqbollarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuv soʻnggida tomonlar xalqaro xususiy huquqni unifikatsiya qilish mexanizmlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha Palata ekspertlarini jalb qilgan holda qoʻshma tadqiqotlarni tashkil etish Oʻzbekistonda xalqaro xususiy huquq doirasida huquqni qoʻllash amaliyoti sifatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladilar, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 30-maydan 2-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Gaaga shahrida (Niderlandiya) boʻlib oʻtayotgan Butunjahon odil sudlov forumida (WJF) ishtirok etyapti.

Butunjahon odil sudlov forumi (WJF) har ikki yilda davlat va xususiy sektor rahbarlarini qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida birlashtiradigan global tadbirdir.