Uchrashuvda huquq fanini rivojlantirish istiqbollari, sohada nazariya bilan amaliyot uygʻunligini taʼminlash, uni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliy jihatdan joriy etish, oʻqitishning ilgʻor uslublaridan keng foydalanish va zamonaviy talablarni inobatga olgan holda taʼlim standartlarini modernizatsiyalash masalalari atroflicha muhokama etildi.

Huquq sohasi boʻyicha qilinayotgan ilmiy ishlarga jiddiy yondashish kerakligi, ilmiy ishlarning koʻpchiligi yetarli tahlil qilinmayotganligi, shu bilan birga ilmiy yangilik ustidan nazorat qilish toʻgʻri tashkil qilinmaganligi, sohalar yetarli darajada urganilmayotganligi, xususan tadbirkorlik va yer masalalari boʻyicha taklif hamda tahlillar berilmaganligi boʻyicha muammo va kamchiliklar aytib oʻtildi.

Rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi hamda stajirovkalarni tizimli asosda tashkil etish, xalqaro grantlardan talaba va oʻqituvchilarni unumli foydalanish tizimini yanada rivojlantirish choralarini koʻrish, shu bilan birga huquqiy sunʼiy intellekt borasidi xalqaro tajribani oʻrganish muhim ekanligi aytildi.

Shuningdek, vazir tomonidan yuridik sohadagi darsliklarning tili murakkab va ogʻir ekanligi, bu esa talabalarning mavzu mohiyatini toʻliq tushunmasligiga olib kelishi, buning uchun yuridik darsliklar tilini yengillashtirish kerakligi, ular boʻyicha inqiroz mavjudligi taʼkidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda professor-oʻqituvchilarning ijtimoiy ahvolini yanada yaxshilash, ilmiy-pedagogik faoliyatini ragʻbatlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, uchrashuvda huquqshunos olimlar tomonidan yuridik taʼlim va fan tizimini tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini taʼminlash borasida qator takliflar ilgari surildi.