Taʼkidlanganidek, Adliya organlari tomonidan 2020 yil davomida televideniye va radio orqali 11 mingdan ortiq chiqish qilinib, 13 mingdan ziyod nusxada plakat, buklet va flayerlar aholiga tarqatilgan.
Barcha muhim qonunchilik hujjatlari bo‘yicha kompleks targ‘ibot materiallari shaklida, yaʼni annotatsiya, slayd, flayer, infografika, videorolikdan iborat 200 dan ortiq targ‘ibot “paketi” tayyorlanib tegishliligi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga yuborilgan.
“Bepul huquqiy maslahat bilan har bir uyga” shiori ostida huquqiy maslahat berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha doirasida 5857 ta mahalladagi 78 292 ta xonadonda suhbat o‘tkazilib, ularga bepul huquqiy maslahat, shu jumladan, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va ijtimoiy himoyaga oid boshqa loyihalar to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.
Qolaversa, “Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi” nomli insholar tanlovi doirasida maktab, o‘rta-masxus hamda oliy taʼlim yurtlarining 17 mingdan ortiq o‘quvchi yoshlari qamrab olindi. Jurnalist va blogerlar uchun “Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar” tanlovi o‘tkazildi.
Bundan tashqari, “Huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” tanlovi ilk bor tashkil qilindi.
Pandemiya davrida @huquqiy_maslahat boti orqali fuqarolarning 8 mingdan ortiq savollariga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Hayotiy muhim masalalar yuzasidan huquqiy qo‘llanma qayta tahrir qilinib, 20 000 nusxada tarqatildi. 2 000 nusxada “Ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami” tayyorlandi va maqsadli tarqatildi.
Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari monitoringi natijalariga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi namunali, deb topildi.
Shu bilan birga, Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaviatsiya” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligining jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlari qoniqarsiz, deb topildi.
Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlari haqidagi maʼlumotlar monitoring qilish uchun Adliya vazirligiga taqdim etilmagan. Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan maʼlumotlar monitoring tugaganidan so‘ng kechikib taqdim qilingan.
Bugungi kunda jamiyatimizda huquqiy ong oshyaptimi, deb savol o‘rtaga tashlansa, sezilarli darajada oshyapti deb aytishga to‘liq haqlimiz. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq muhokamalardan, fuqarolarimizning o‘z pozitsiyasini erkin bildira olayotganligidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Biroq fuqarolarimizni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan o‘z vaqtida va yetarlicha munosabat bildirilmayapti.
Huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha olib borilgan ishlar tahlili sohada qator muammolar mavjudligini ham ko‘rsatmoqda. Mavjud muammolarni bartaraf etish va huquqiy madaniyatni yana-da yuksaltirish maqsadida ustuvor yo‘nalishlar ham belgilandi.
Xususan, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘qitiladi hamda har uch yilda avtomatlashtirilgan tizim orqali huquqiy savodxonlik darajasi baholab boriladi.
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tarkibida Innovatsion media markaz tashkil etiladi. Ushbu markaz, qonun hujjatlari mazmunini sodda, xalqchil tilda yetkazuvchi zamonaviy axborot-tahliliy media materiallarini tayyorlaydi va tarqatadi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati