Adliya vazirligi: Yevropa Ittifoqi bilan huquqiy masalalar boʻyicha muloqot

    Mamlakatimizda 26 Oktabr 2020 3084

    2020-yil 26-27-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda tartibga solish taʼsirini baholash va qonunchilikni tizimlashtirish” mavzusida vebinar oʻtkazmoqda.

    Vebinar Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish boʻyicha Bosh Direksiyasining (DEVCO) Texnik yordam va axborot almashinuvi (TAIEX) dasturi doirasida tashkil etilmoqda.

    Tadbirda Adliya vazirligi, vazirlikning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining, shu jumladan, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti masʼul xodimlari ishtirok etmoqda.

    Maʼruzachi sifatida Ispaniya, Fransiya Adliya vazirliklari mutaxassislari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari taklif etilgan.

    Vebinarning birinchi kunida huquqiy tartibga solishni takomillashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish hamda tartibga solish yukini kamaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasining rahbari janob Yussi Narvi oʻzining kirish soʻzida mamlakatimizda huquqiy tartibga solish sohasida sifatli oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

    “Vebinarning asosiy maqsadi norma ijodkorligi sohasi mutasaddilarining, avvalo Adliya vazirligi xodimlarining tartibga solish taʼsirini baholash va qonunchilikni tizimlashtirish sohasidagi salohiyatini oshirishdan iborat. Bu borada biz hamkorlikni davom ettirishga va Oʻzbekistonga huquqiy tartibga solishning ilgʻor Yevropa tajribalari bilan tanishishida amaliy yordam berishga tayyormiz”, – dedi janob Yussi Narvi.

    Vebinarning birinchi kunida Xorvatiyaning byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish loyihasi (HITROREZ) boʻyicha maʼruza kiritilgan. Ushbu loyiha doirasida 2683 ta meʼyoriy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ulardan 55% soddalashtirilishi natijasida har yili korxonalar va isteʼmolchilar uchun xarajatlarni 65 million dollarga kamaytirilishiga erishilgan.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

    Xususan, davlat rahbarining tegishli qarorida jami 2,5 ming ga yaqin eskirgan normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

    Ayni vaqtda vebinarning birinchi kuni davom etmoqda. Taʼkidlash joizki, vebinarning ikkinchi kunida Fransiya, Ispaniya va Polsha davlatlarining qonunchilikni tizimlashtirish boʻyicha tajribasi toʻgʻrisida maʼruzalarni tinglash rejalashtirilgan.

    A. Abduxoliqov.
    Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi xodimi.