Adliya vazirligi: rivojlanishga toʻsqinlik qilayotgan yana 500 taga yaqin qonunchilik hujjatlari bekor qilindi

    Voqea-hodisalar 5 May 2021 1442

    Joriy yilning 30-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF–6218-son Farmoni qabul qilindi.

    Ushbu Farmonda quyidagi masalalar oʻz aksini topgan.

    Birinchidan, qonunchilik bazasini qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida yana 500 taga yaqin eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlar bekor qilindi.

    Eslatib oʻtamiz, Adliya vazirligining tashabbusi bilan jami 3 mingga yaqin eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlar bekor qilingan boʻlib, bu amaldagi huquqiy bazaning qariyb 10 foizini tashkil yetadi.

    Ikkinchidan, qonunchilikni son jihatdan tizimlashtirish endilikda sifat jihatdan yaxshilanmoqda.

    Haqiqatan ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlardan qonunchilikni “tozalash”dan keyin navbat hujjatlar mazmunini yaxshilashga keldi.

    Bu borada ikki yoʻnalishda ish olib borilishi rejalashtirilgan:

    1) konsolidatsiya, yaʼni 120 dan ortiq davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi 1600 dan ziyod tarqoq hujjatlarni birlashtirilishi.

    Bu juda muhim masaladir, sababi bugungi kunda bitta vazirlikning vakolatlarini tushunish uchun kamida oʻnlab normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunini oʻrganish yoki qoʻshimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan yuridik maslahat olish zarur. Oʻz navbatida, oʻnlab turli normativ-huquqiy hujjatlarning oʻrniga, tegishli davlat organi faoliyatiga oid barcha asosiy masalalar batafsil bayon etilgan bitta hujjatning talablarini tushunish va ularga rioya qilish osonroq.

    2) amaldagi huquqiy bazani qonunchilik tarmoqlari boʻyicha tizimlashtirish. Buning uchun 60 ga yaqin eng muhim sohalar kesimida amaldagi hujjatlar tizimlashtiriladi. Ushbu ish nafaqat hujjatlar sonining kamayishiga, balki ularning sifatini sezilarli darajada yaxshilashga hizmat qiladi. Jumladan, tizimlashtirish jarayonida huquqni qoʻllash amaliyotida turli muammolarga olib keluvchi takrorlanishlar, ziddiyatlar, huquqiy boʻshliqlar va boshqa kamchiliklar bartaraf yetiladi.

    Uchinchidan, Adliya vazirligi bu borada masʼul ijrochilarga uslubiy yordam koʻrsatadi, shuningdek, Farmonda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻradi.

    Taʼkidlash lozimki, Farmonda belgilangan qoidalarini amalga oshirish mexanizmlarini ochib berishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni Qonunchilik tarmoqlari boʻyicha tizimlashtirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish tartibi masʼul ijrochilar uchun Farmonga ilova qilingan ikki sxemada batafsil koʻrsatilgan.

    Farmon bilan endilikda qonunchilikni sifat jihatidan tizimlashtirishning yangi bosqichni amalga oshirish boshlandi.

    Adliya vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi